DENOV ADABIY MUHITI
Qo‘qon adabiy muhitidan farqli o‘laroq Denov adabiy muhiti XX asr oxiri va XXI asr boshlarida shakllandi.
Bunga taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Denov tuman ma’naviyat targ‘ibot bo‘limi rahbari Toshtemir Turdiyev to‘plab, nashrga tayyorlagan “Denov tafakkur charog‘lari” (Toshkent, Universitet, 2010) nomli kitob dalil, hujjatdir.
Keyingi bir yarim ming yil davomida bitilgan manbalardan namunalar jamlangan ushbu kitob o‘quvchilar, xususan, denovliklar qalbidan joy olgani bor gap.
“Denov tafakkur charog‘lari”ga 2015-yilda (Toshkent, “Musiqa” nashriyotida) chop etilgan “Chag‘oniyon tarannumi” ham kitobi qo‘shildi. Unda Denov hamda Surxondaryoning boshqa tumanlaridagi e’tirofga loyiq bir qator ijodkorlar asarlaridan namunalar jamlangan. Mahalliy, turli kasb-hunar egalari bo‘lmish ijodkorlardan ellikdan ortig‘ining foto – suratlari Denov hokimligidagi Toshtemir Turdiyevning xizmat xonasini bamisoli muzeyga aylantirgan.
Denov – Chag‘oniyonning eng qadim qishloqlaridan biri. Biz yakqalam qilayotgan adabiy muhitning o‘q ildizi Chag‘oniyon va o‘sha qishloqqa borib taqaladi. Qadimgi Chag‘oniyon hududi hozirgi O‘zbekistonimizning Boysun, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari hamda Tojikiston Respublikasining janubiy-g‘arbiy qismlaridan iborat. Yozma tarixiy toshbitiklar Abu Bakr al-Sag‘oniy, Ahmad ibn Muhammad as-Sag‘oniy, Abu Hamid Usturlobiy as-Sag‘oniy, Abu Ali Husayn ibn Ahmad Sallomiy, Abul Qosim Ali ibn Muhammad Iskofiy, Toxariy, Ma’rufiy, Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy, Abu Ali Sallomiy misoli taniqli siymolar Chag‘onyonda yashab o‘tganligidan xabar beradi.
To‘rt ming yillik Eron, Turon tarixini, eng qadim afsona, rivoyat, qissa, yuzdan ortiq doston, ellik podsholik, to‘rtta sulola bordi-keldilarini ko‘klarga ko‘targan, oltmish ming baytdan iborat “Shohnoma”day asarning muallifi Abulqosim Firdavsiy umrining o‘ttiz uch yilida yozganlarining dastlabki ming bayti ibn Ahmad Daqiqiyniki edi, degan. Bu shunchaki oddiy e’tirof emas.
Toshkent tarixidan ma’lum va mashhur allomalardan biri xoja Ubaydullohdir. U xoja Mahmudning o‘g‘li. Xoja Ubaydullohning bobosi xoja Hovand Tahurning otasi shayx Umar Bog‘istoniydir. U o‘g‘li xoja Hovand Tahurga shunday nasihat qilgan: “Bolam, mulla bo‘lma, so‘fi bo‘lma, shayx bo‘lma, bo‘lgin musulmon!” Xoja Ubaydullohni “musulmon kim?” degan so‘roqning javobi qiziqtirib qoladi. Samarqand, Buxoro, Hirot ulamo-fuzalolaridan so‘rog‘iga jo‘yali javob topa olmaydi. Nihoyat, javobni denovlik Ya’qubi Charxiy ibn Usmon ibn Muhmud ibn Muhammad G‘aznaviy (1363-1447)dan topadi: “Fuqaro manfaatlari uchun yashamoq – musulmon bo‘lmoq”. Ushbu ilmiy xulosasi bilan mavlono Ya’qub Charxiyni G‘arbiy Yevropa ham AQSHliklardan qariyb uch asr ilgari “Kasaba uyushmalari”ga asos yaratgan deyish o‘rinlidir.
Mirzo Ulug‘bek “To‘rt ulus tarixi” (Cho‘lpon nashriyoti, Toshkent - 1993)da yozganlariday “... Buxoro lafzi “Bux oro” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, mo‘g‘ullar tilida “ilm majma’i”. Nari borsa, qaysiki joyda ilmu fan, ma’naviyat, moddiy ishlab chiqarish rivoj topgan bo‘lsa, yetuk olimu oriflar yashasa, ular boshqa mamlakatlardan kelgan fuqarolarga ham ta’lim-tarbiya bera olsa, turli millat va elat vakillari tinch, osoyishta yashasalar, odobu axloqda, mardligu saxovatda, pokligu e’tiqodda, dinu diyonatda butun bani basharga ibrat bo‘la olsa – unday shaharga sharif maqomi berilgan. Buxoro shunday yetti shahardan biri edi. Shayx Umar Bog‘istoniyning o‘g‘li shayx Xovandi Tahur (13 asr oxiri – 1350) Buxoroda o‘qidi. U “Islom arkonlari haqida”, “Shariat va tariqat masalalari haqida risola”, “O‘nta shart haqida risola”, “Tariqat odobi haqida risola” va boshqa kitoblarini Buxoroda yozgan. Buxoroning “Shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat”dan iborat to‘rtta bozori tunu kun odamlar bilan gavjum bo‘lgan. Bu obod va to‘kin bozordan Turdi Farog‘iy, Boborahim Mashrab, Xoja Samandar Termiziy, So‘fi Olloyor bir davrda, bir maqsadda ilm olib, savdo qilganlar. O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida ulardan har birining ijodidagi muvaffaqiyatlari o‘zlariga xos va mos betakror bir dunyo. Ayni damda bizlar uchun So‘fi Olloyor (1644, Kattaqo‘rg‘on bekligi Minglar qishlog‘i – 1724, Denov) hazratlari muhim. Chunki “Denov adabiy muhiti” shakllanishida u zoti sharifning ham ijobiy ta’sirlari oz bo‘lgani yo‘q. Denovlik ijodkorlardan qaysi biri So‘fi Olloyor shaxsiyati bilan bog‘liq rivoyatlar tug‘yoni tufayli she’r, ilmiy maqola, qissa yo doston yozmagan deysiz...
Denov adabiy muhiti targ‘ibotchisi Toshtemir Turdiyev surxondaryoliklar qizi, Hamid Olimjonning nazari tushgan salohiyatli shoira, Ra’no Uzoqova ijodini miridan sirigacha o‘rgandi. Uning vaqtli matbuotda e’lon qilingan she’rlarini arxiv materiallari orasidan izlab topdi, nashrga tayyorladi, kitob holida o‘quvchilar hukmiga havola etdi. Hozir Denovda Ra’no Uzoqovaning izdoshlari bisyor. Ulardan Gulandom Tog‘ayeva (2-darajali Sog‘lom avlod ordeni, “Shuhrat” medali va boshqa davlat mukofotlari sohibasi), Dilrabo Norqulova (2002-yilning Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori), Shahnoza Tursunova (2005-yilda adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan), Farida Toshpo‘latova (2011-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq topilgan). Xuddi yuqoridagilar misoli Feruza Qurbonova bilan Ruxshonabonu Abdurazzoqova ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlaridir. Shunday yuksak mukofotlarga da’vogar denovlik ijodkor qizlar safining oxiri ko‘rinmaydi.
Tumanda “Denov adabiy muhiti” targ‘ibotiga xayrixoh insonlar – besh nafar O‘zbekiston Qahramoni yashaydi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, ana shu katta muhitning kamtarin va va fidoyi vakillaridan biri, bu – Toshtemir Turdiyev. Toshtemir akaning ushbu satrlariga e’tibor bering:
Ey haloyiq, Denov ogoh,
Quyosh guvoh, fursat o‘q.
Toshtemirning mo‘ljali ko‘p,
Keksarishga vaqti yo‘q!
Mo‘rchada orom bor, Toshtemir Turdiyevda tinim yo‘q. Akademik Nazar To‘rayevning “Uy muzeyi”ni tashkil etdi. Kuni kecha u Xazarbog‘dagi 27-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 100 yilligini nishonlashda tashabbus ko‘rsatdi. “Shuhrat topgan maktabning sharafli yo‘li” (Surxon – nashr, 2025) kitobini yozdi. Kitobdan o‘qiymiz: “... maktabni 1953-yilda tamomlagan Toshpo‘lat Temirov Samarqand Davlat universitetining matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib yetishdi... O‘quv maskanini 1965-yili tamomlagan Vitaliy Kasabrinov Sibir fanlari akademiyasi akademigidir. Alik Kisatayev esa Sankt – Peterburg atom energiyasi nazorati bo‘lim boshlig‘i. 1978-yili maktabni tamomlagan Dilbar Axmedova Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasining raisasi...” Kitobda qayd qilingan va ismlari qayd qilinmagan, havas qilsa arziydigan maktabning sobiq o‘quvchilari Denov farzandlari, “Denov adabiy muhiti”ga aloqador davlat va ilm-fan arboblaridir.
“Denov adabiy muhiti” ta’sirida Hamid Badalov (1928-1995), Mengziyo Safarov (1938-1994), Abbos Malik (1938-2008), Chori Yoqubov (1940-2003) misoli o‘nlab taniqli iste’dodlar yetishdi. Ulardan har biri o‘zbek milliy adabiyoti ham “Denov adabiy muhiti” tarixida tengi yo‘q, betakror siymolardir. Misol uchun Tog‘ay Murodning o‘zi haqida yozgan “Men”iga nazar tashlaymiz:
“Savodni mazasi yo‘q. Moskvada o‘qib kelmasam bo‘lmaydi, dedim. Dardim o‘qish bo‘lmadi. Dardim prokuraturalar bo‘ldi, dardim sudlar bo‘ldi.
Bir oyog‘im institutda bo‘ldi, bir oyog‘im sudlarda bo‘ldi.
Men tanish-bilish yo‘li bilan tergov matnlarini sotib oldim. Ikki og‘iz axborot olish uchun yarimtalar quydim.
O‘shanda O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi qissalarim uchun Oybek mukofoti berib edi. Ana shu mukofot pulini zindonlardan axborot olish uchun sarfladim.
Men ertadan kechgacha sudlarda o‘tirdim. Sud yo‘laklarida o‘tirdim. Sud darvozasi oldida tik turdim.
Sudga kiritmasa, qo‘shni uylar cherdagiga chiqib sudni poylab o‘tirdim.
Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, o‘zbek xalqining yulduz ziyolilarini tepib-tepib zindon mashinaga bosdilar. O‘zbek xalqining gultoj ziyolilarini urib-urib zindon mashinalariga soldilar. O‘zbek xalqining sara ziyolilarini oyoq-qo‘lidan olib, zindon mashinalariga otdilar.
Men Moskvada o‘qimadim, men Moskvada o‘zbek xalqining qayg‘usi bilan yashadim.
Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!”
Bugun “Denov adabiy muhiti”, uni qayta jonlanishi, targ‘ib-tashviqotini Toshtemir Turdiyevsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Xushboq Rahim,
falsafa fanlari nomzodi, “Do‘stlik” ordeni sohibi