Demokratik jarayonlar ortga qaytmaydi
2016-yilning sentyabr oyidan Oʻzbekistonda boshlangan yangi yoʻnalishdagi liberal islohotlar nafaqat xalqimizni, balki xalqaro jamoatchilikni ham hayratda qoldirdi.
2016-yilning sentyabr oyidan Oʻzbekistonda boshlangan yangi yoʻnalishdagi liberal islohotlar nafaqat xalqimizni, balki xalqaro jamoatchilikni ham hayratda qoldirdi. Boisi, Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishganidan soʻng kechagi kunda ham umuman imkonsizdek tuyulgan yangilanish va oʻzgarishlar amalga oshirila boshlandi. Davlat rahbari oʻz pozitsiyasi va siyosiy irodasini butun dunyoga qatʼiy namoyon etib, Oʻzbekistonni faol rivojlantirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi bosqichdagi islohotlarni hayotga joriy etishga dadil kirishdi.
Ham ichki, ham tashqi siyosatda umidbaxsh mujdalar koʻzga tashlanib, uzoq yillar “yopiq” hisoblanib kelingan mamlakatda aholining yillar davomida toʻplanib qolgan ijtimoiy muammolari jahon hamjamiyati koʻz oʻngida asta-sekin yechim topa boshladi.
“Bosh maqsadimiz – xalqimizning roziligi”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak” kabi hayotiy gʻoyalarga asoslangan oʻzgarishlar, eng avvalo, Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini toʻliq taʼminlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirishdan boshlandi.
Bu oʻrinda, birinchi galda, Prezident tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017-yil 7-fevralda qabul qilingan 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi xalq xohish-irodasi, ehtiyojlarini inobatga olgan holda yaqin istiqbolga moʻljallangan taraqqiyotni belgilovchi bosh dasturilamal hujjat boʻlganini alohida taʼkidlash lozim.
Mazkur tarixiy hujjatda, ustuvor eʼtibor “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasi qoidalarini oʻzida toʻliq mujassamlashtirgan holda davlat va jamiyat qurilishini tubdan isloh qilishga qaratildi hamda davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlar Parlament faoliyatini chuqur isloh qilishdan boshlandi.
Bunda, birinchi navbatda, milliy Parlament va siyosiy partiyalarning roli yana-da kuchaytirildi. Eng muhim oʻzgarishlardan biri, bu shubhasiz, Parlamentning, shuningdek, deputat va senatorlarning faqat kiritilgan qonun loyihalarini koʻrib chiqish bilan cheklanib qolmay, balki bevosita joylarga chiqib, xalqning turmush darajasidan xabardor boʻlish, odamlarni qiynayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda bevosita ishtirok etishlari boʻldi. Ushbu saʼy-harakatlarning natijadorligini taʼminlash maqsadida Oliy Majlis Senati va hududiy Kengashlar huzurida maxsus komissiyalar tashkil etildi. Komissiyalar aʼzolari har oyda joylarga chiqib, mavjud muammolarni oʻrganib borishmoqda va ularni bartaraf etish yuzasidan qator amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shu bilan birga, Parlamentning ijtimoiy hayotdagi oʻrni va rolini kuchaytirish boʻyicha yana bir qator islohotlar hayotga joriy etildi, jumladan, ijro hokimiyati faoliyati ustidan nazorat olib borish boʻyicha vakolatlar kengaytirildi.
Shuningdek, davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi izchil takomillashtirilib, modernizatsiya qilib borilmoqda. Bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini oshirmoqda. Xususan, roʻyxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilishi, oʻz navbatida, “Doing Business” global reytingidagi “Biznesni roʻyxatdan oʻtkazish” koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekistonning mavqei yil sayin koʻtarilishiga xizmat qilmoqda.
Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlarini toʻliq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga oʻtishidagi ayrim tizimli muammolarning bartaraf etilishi esa, “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” degan muhim tamoyilni amalda joriy etish imkonini berdi. Bu amalga oshirilayotgan islohotlarning uygʻunligi va izchilligini taʼminlash barobarida, davlat xizmatlarini sifatli bajarish uchun vakolatli organlar va tashkilotlarning masʼuliyati va javobgarligini oshirishda ham muhim omil boʻldi.
Yangi bosqichdagi ustuvor islohotlardan biri, bu, shubhasiz, inson manfaatlarini taʼminlash, odamlar bilan muloqot qilish, xalqning dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish va hal qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir. Eʼtirof etish joiz, mazkur tuzilmalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligi, shuningdek, joylardagi muammolarni chuqur tahlil etish mexanizmi va davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi masʼuliyatini oshirish, ularning faoliyatini baholash mezoniga aylanib bormoqda. Respublikaning barcha hududlaridagi Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqotni, joylarda yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal etish, kamchiliklarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini taʼminlamoqda. Prezidentning Xalq qabulxonalari muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishning faol tizimiga oʻtdi. Xalq qabulxonalariga davlat organlarining faoliyatini oʻrganish, ularga taqdimnomalar kiritish, qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod etishgacha intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritish vakolati berildi. Aholi muammolarini hal etish boʻyicha “Mahalla – Sektor – Xalq qabulxonasi – Mahalla” tizimi joriy etildi.
Shu bilan birga, “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan va Afgʻonistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelinib, ularning fuqarolik huquqlari tiklangani, bu odamlarga davlat tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilayotgani, “Jasliq” qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilgani, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlash tartibi birinchi marta joriy etilgani, 5 ming 868 nafar shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilingani ham bagʻrikeng insonparvar siyosatning hayotiy ifodasidir.
Umuman, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini tobora mustahkamlab bormoqda. Xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qoʻshnichilik muhiti izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda davlatimiz oʻz fuqarolarining huquq va manfaatlarini, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, himoya qilishga qodir mamlakat sifatida oʻzini namoyon etmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston tashqi siyosat sohasida ham oʻzaro teng manfaatlarga asoslangan samarali faoliyat olib bormoqda. Uzoq va yaqindagi barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari yil sayin kengayib, rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Eng avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatilgani, bu borada bir necha yillik “muzlar erigani” bois, ming-minglab oddiy odamlarning chegaralardan bemalol oʻtib-qaytayotgani, mintaqa boʻylab erkin harakatlanishi, qarindosh-urugʻlar bilan bordi-keldi qilish imkoniyatining yaratilgani diqqatga sazovordir. Oʻz oʻrnida, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan oʻtish va chegara oldi hududlarda savdoni rivojlantirish kabi muammolarga yechim topish boʻyicha ham Oʻzbekiston tashabbusi bilan yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlardagi siyosat izchil davom ettirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi oʻlaroq, mamlakatimizda tadbirkorlik harakatiga keng yoʻl ochildi, investitsiyaviy muhit yangilanib, investitsiya kiritish kafolatlari kuchaytirildi. Jalb etilayotgan investitsiyalar, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiyalash, tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish va tovarlarni diversifikatsiyalashga yoʻnaltirilgani natijasida ularning texnologik tarkibi ham oʻzgarib, samaradorligi ortmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda xususiy mulkni, tadbirkorlik va kichik biznesni ravnaq toptirish uchun keng imkoniyatlar yaratilib, ular huquq-manfaatlarini himoya qilishning qonuniy mexanizmlari mustahkamlandi. Natijada bugun mamlakat yalpi ichki maxsulotining qariyb 57 foizi kichik va oʻrta biznes subyektlari zimmasiga toʻgʻri kelayotgan boʻlsa, ishga yaroqli axolining 82 foizi ushbu subyektlarda xizmat qilmoqda.
Umuman, kasbiy faoliyatimiz yuzasidan olib borilayotgan faoliyat jarayonlarida dunyoning bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlari hamda taniqli xalqaro ekspert-mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar eʼtirof etilayotgani, qoʻllab-quvvatlanayotgani kuzatilmoqda. Bu esa, Oʻzbekistonda davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari va qadriyatlariga eʼtiborini kuchaytirish, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan samarali tadbirlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Shu maʼnoda, 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston ilgari surgan tashabbus boʻyicha qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini BMTga aʼzo barcha davlatlar yakdillik bilan maʼqullagani islohotlarimizni xalqaro hamjamiyat tan olayotganiga yaqqol bir misoldir. Yoki “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining qabul qilinishi ham Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarning xalqaro maydondagi eʼtirofidir.
Xulosa oʻrnida aytganda, bugun Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qabul qilinayotgan dasturlar va normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatni yana-da rivojlantirishga, milliy huquq tizimini mustahkamlashga, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari, norma va qoidalarini milliy qonunchilikka izchil singdirishga, chuqur oʻylangan va uzoqni koʻzlagan siyosatning asosi sifatida davlatni yana-da izchil taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda. Albatta, bu borada erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, mavjud muammo va kamchiliklar, yechimini kutayotgan masalalar ham koʻp. Ular ham, bugungi yangilanishlar silsilasida navbati va vaqti-soati bilan hal etib boriladi, albatta va shunday boʻlmoqda ham.
Zero, Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus olganini butun dunyo koʻrib turibdi.
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori