Dehqonning tomorqasida qulupnay pishdi
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin joriy etilganligiga qaramasdan, Toshkent viloyatida joriy yilda bahorgi dala yumushlari, tomorqada meva-sabzovot mahsulotlari yetishtirish yumushlari bir zumga ham susaygani yoʻq.
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin joriy etilganligiga qaramasdan, Toshkent viloyatida joriy yilda bahorgi dala yumushlari, tomorqada meva-sabzovot mahsulotlari yetishtirish yumushlari bir zumga ham susaygani yoʻq. Eng muhimi, bu yerda yerda tomorqadan foydalanish boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Viloyat hokimligi tomonidan fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi bilan hamkorlikda bu borada muntazam ravishda fuqarolarga zarur tavsiya va yoʻl-yoʻriqlar berib borilayotganligi samara bermoqda. Joriy yilda ham bunday tadbirlar davom ettirilib, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bahorgi ekish yumushlarini tashkil etish va mahsulot mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha bir qator choralar koʻrilyapti.
Xalqimizda “yerni boqsang, yer ham seni boqadi” va “Dehqon boy boʻlsa, davlat boy boʻladi” kabi maqollar bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, yer koni foyda, undan unumli foydalangan kishi boy-badavlat yashaydi. Bunga ishning koʻzini biladigan, mirishkor dehqon va bogʻbonlarimizni misol qilib koʻrsatish mumkin.
Toshkent viloyatining yeri unumdor, iqlimi moʻtadil, suv masalasida muammo yoʻq. Shu bois, hududda tomorqada deyarli barcha noz-neʼmatlar yetishtiriladi. Parkentning vitaminlarga boy uzumlari va kartoshkasini, Zangiotaning qulupnaylarini, Boʻkaning mazali qovun-tarvuzlarini koʻpchilik yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi. Yangiyoʻl tumanidagi Niyozbosh qishlogʻining esa koʻkatlari bilan Rossiya Federatsiyasini ham taʼminlanayotgani barchaga maʼlum.
Tomorqachilikdagi boy tajribadan bu yil ham unumli foydalanilmoqda. Bugun issiqxonalar bilan birga, dala sharoitida ham sabzavot mahsulotlari yetishtirish qizgʻin pallaga kirgan. Buni poytaxtimiz bozorlarida sotilayotgan pomidor, bodring, karam va koʻkatlarni koʻrib, ishonch hosil qilish mumkin.
Yangiyoʻllik mirishkor dehqonlarning tomorqasida qulupnay pishganiga ancha boʻldi. Tumanning 66 ta mahallasidagi 34 403 ta xonadonning tomorqa maydonlari 2061 gektardan iborat. “Niyozbosh” qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi tomorqa yerlari esa 248 gektarni tashkil qiladi.
“Yuksalish” mahallasining Istirohat koʻchasidagi 151-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Islom Isroilovning taʼkidlashicha, oilasi bilan bir necha yildan qulupnay yetishtiradi. Bu yil ham 40 sotix maydonda ushbu meva ekinini parvarish qildi. Qulupnayning pishganiga bir necha kun boʻlibdi va uni Yangiyoʻl shahri va poytaxtimizdagi bozorlarga olib chiqmoqda. Savdo yomon emas. Daromadi ham shunga yarasha boʻladi. Tomorqadan yiliga uch martagacha hosil olinar ekan.
“Guliston” mahallasining N.Avazov koʻchasi 19-uyda yashovchi Sodirjon Muhiddinov oilasi esa turli koʻkatlar yetishtirish bilan shugʻullanadi. Butun oila aʼzolari shu yumush bilan mashgʻul. Daromadi ham yaxshigina. Koʻkatlarni Rossiyaga ham joʻnatishadi. Boʻsh vaqti boʻlsa, barcha tomorqada mehnat qilishadi. Yoki “Farovon” mahallasining O. Qoʻchqorov koʻchasidagi 199–uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nuriddin Rahimovlar oilasi gulchilik bilan shugʻullanadi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.
Poytaxtimiz aholisini kuz- qish oylarida ham yozdagi kabi yoz neʼmatlari bilan taʼminlashda viloyat aholisining xizmati katta, albatta. Tajribali dehqon bir qarich yerning ham qadrini yaxshi biladi. U tomorqasining chetini ham boʻsh qoldirmaydi. Yoz mavsumida dala sharoitida, qish paytida esa issiqxona barpo etib, mahsulot yetishtiradi. Ayniqsa, Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyoʻl, Parkent tumanlari aholisi yerdan foydalanishning hadisini olgan.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlumotiga koʻra, viloyatda bugungi kunda 451,9 ming xonadonning 30,8 ming gektar maydondagi tomorqasidan samarali foydalanish choralari belgilangan. Tomorqalarning 16 ming gektari, yaʼni 52 foizida ertagi, jumladan, 9,5 ming gektar maydonda sabzavot, 3 ming gektarda kartoshka, 706 gektarda poliz va 1,7 ming gektarda boshqa ekinlar yetishtirish moʻljallanmoqda. 12,1 ming gektar, yaʼni 39,3 foizida esa oʻrtagi ekinlar ekiladi.
Tomorqachilikda bu yil yaxshi bir tashabbusga qoʻl urildi. Aholi tomorqalariga arzon koʻchat, urugʻliklar yetkazib berish maqsadida barcha tumanlarda “Tomorqa – 2020” yarmarkalari oʻtkazildi. Bunday tadbir tabiiyki, oʻz samarasini beradi. “Tomorqa xizmati” korxonalari tomonidan 53,4 ming aholi xonadonlari bilan mahsulot yetishtirish va sotib olish boʻyicha shartnomalar imzolanishi kutilyapti.
Bunday keng koʻlamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning oʻz samarasini berishi shubhasiz. Viloyatda joriy yilda tomorqalardan 2-3 marotabadan hosil olishga bel bogʻlandi. Mahsulotlarning aholi isteʼmolidan ortgan qismi esa poytaxtimiz aholisi va xorijdagi xaridorlarga yetkazib beriladi.