Dehqonlar manfaatdorligi oshadi..
Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasini televideniye orqali diqqat va hayajon bilan tingladim.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasini televideniye orqali diqqat va hayajon bilan tingladim. Unda Yangi Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlantirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, xalq farovonligini yanada oshirishning dolzarb vazifalari belgilanibgina qolmay, ularga qanday erishish yoʻllariga ham eʼtibor qaratildi.
Yurtboshimiz barcha sohalar, jumladan, iqtisodiyotimizning muhim tarmogʻi boʻlgan qishloq xoʻjaligini yanada ravnaq toptirishga qaratilgan islohotlarga ham chuqur toʻxtaldi. Taʼkidlash kerak, davlat islohotlar jarayonida biz, fermerlarni har jihatdan qoʻllab -quvvatlayotir. Bu esa dehqonchilik madaniyatini oshirish, moʻl hosil yetishtirishda muhim omil boʻlmoqda.
Muvaffaqiyatlarimiz salmoqli. Ammo sohaning foydalanilmagan imkoniyatlari talaygina. Bu esa dehqonga oʻz pirovard mehnat natijasidan toʻlaqonli bahramand boʻlishini, yangi innovatsion usullarini joriy etishi uchun keng erkinlik berishni taqozo etadi. Murojaatnomada paxta va gʻalla yetishtirish boʻyicha davlat buyurtmasini bekor qilinishi shu jihatdan ayni muddao. Bu bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos muhim qadam boʻldi.
Yangi tizim, agroklaster ham ana shunday tamoyillarga asoslangan. Uning samarasiga oʻz tajribamizda ishonch hosil qildik. Oʻtgan yili “Buxoro agroklaster” MCHJga qarashli paxta tozalash zavodi bilan shartnoma asosida hamkorlikka kirishdik. Korxona xarajatlarimizni oʻz vaqtida moliyalashtirgani tufayli barcha agrotexnik tadbirlar bekami-koʻst amalga oshirildi. Natijada qiyin ob-havo qiyinchiliklariga qaramay, paxtachilikda yuqori natijalarga erishdik. 60 gektar maydonda 240 tonna hosil yetishtirildi. Iqtisodiy samara ham yuqori boʻldi. Olgan sof foydamiz 150 million soʻmdan oshdi.
Joriy yilning oʻtgan davrida hamkorimiz shartnomaga asosan paxta yetishtirish bilan xarajatlarning ellik foizini koʻchirib berdi. Hatto, yanvar oyi ish haqini toʻlab qoʻydi. Ilgari buni orzu ham qilib boʻlmasdi.
Oʻzgarishlar dehqonlarga ishtiyoq, kuch bagʻishlayotir. Buni shu kunlarda dalalarimizda qishki agrotexnik tadbirlar izchillik bilan bajarilib, moʻl hosilga puxta zamin tayyorlanayotganida ham koʻrish mumkin.
Yoqub FATTOYEV,
Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Fattoyev” fermer xoʻjaligi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati