Dehqon bozorlarida jamoatchilik nazorati
O‘zLiDeP Xatirchi tuman Kengashi tashabbusi bilan Xalq deputatlari tuman Kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari, mutassadi tashkilotlar mas’ullaridan tuzilgan Ishchi guruh vakillari tumanidagi Markaziy dehqon bozorida bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligiga erishish, mavsum uchun oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralari yaratilganligi holati jamoatchilik nazorati asosida o‘rganildi.
Albatta, jamoatchilik nazorati jamiyat hayotidagi eng dolzarb muammolarni, halqni o‘ylantirayotgan, tashvishga solayotgan kamchiliklarni hal etishda, davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

O‘rganishlar jarayonida zaxiradagi kartoshka, piyoz, sabzi va guruch mahsulotlarining 2193 tonnadan 976 tonnasi savdoga chiqarilib, qoldiq mahsulotlarni saqlash holatiga e’tibor qaratildi. Ayni paytda bozorda barcha turdagi go‘sht mahsulotlari 47 ming 942 tonna, sut mahsulotlari 180 ming 202 tonna, baliq mahsulotlari 967 tonna, asal muhsulotlari 200 tonna va tuxum 117 ming 135 donani tashkil etmoqda.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida bozorda bo‘sh turgan rastalar bo‘lsa-da, oziq- ovqat mahsulotlari yo‘l bo‘yi va yo‘laklarda sanitariya talablariga zid ravishda sotilayotganligi, go‘sht do‘konlarida sotuvchilar maxsus kiyimsiz mijozlarga xizmat ko‘rsatayotganligi kabi salbiy holatlar ham antiqlandi. Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli mas’ullarga tavsiyalar berildi.

O‘rganishlar davomida jamoatchilik vakillari tomonidan mahsulot narxlarini asossiz oshirmaslik, shuningdek, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda savdo-sotiq ishlarini amalga oshirish yuzasidan tadbirkorlarga tushuntirishlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri