Davlatimiz rahbari tashabbuslari ekspert tahlilida
“Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi: ustuvor vazifa va istiqbol” davra suhbatida ishtirok etgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Sarvar Rahmatullayev O‘zA muxbiriga bergan intervyusida davlatimiz rahbarining Jidda sammitida ilgari surgan tashabbuslari yuzasidan fikr bildirdi.
– Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Qardosh davlatlar va xalqlarimizni bir-biriga yaqinlashtirish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ko‘p tomonlama Do‘stlik, mintaqalararo bog‘liqlik va hamkorlik bitimini ishlab chiqish masalasi taklif etilgani ahamiyatli.
Ushbu hujjat siyosiy va iqtisodiy aloqani mustahkamlash, ayniqsa, xavfsizlik sohasidagi sheriklikni, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo-sotiq, madaniy-gumanitar qadriyatlar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot olib borish, turizm va ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
Davlatimiz rahbari Afg‘oniston muammosiga alohida e’tibor qaratib, bu mamlakatda mustahkam tinchlik o‘rnatmasdan turib, nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ham ta’minlash mumkin emasligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Afg‘oniston muammosini hal qilish bo‘yicha ko‘rfaz mamlakatlari bilan pozitsiyani muvofiqlashtirish va qat’iy qarorga erishish umumiy xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash, avtomobil va temir yo‘llar qurish, quvur yotqizish, mintaqaviy va transmintaqaviy savdoni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qilishi aniq.
Shu munosabat bilan ikki mintaqaning afg‘on muammosini hal etish bo‘yicha sa’y-harakatini birlashtirish ushbu mamlakat aholisi hayotini yaxshilashga munosib hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, Prezidentimiz sammit davomida Islom hamkorlik tashkiloti doirasida dunyoda kuzatilayotgan terrorizm, ekstremizm, radikalizm, islomofobiya ko‘rinishlariga birgalikda qarshi kurashish va bu borada amaliy qadamlar qo‘yish tashabbusini ham ko‘tardi.
Ayni taklif oxirgi yillarda turli guruhlar islom ta’limotini buzib, bag‘rikenglik tamoyilidan uzoqlashayotgani bilan bog‘liq. Fikrimizcha, kuchlarni birlashtirish, radikalizm va ekstremizm g‘oyalari targ‘ibotiga qarshi birgalikda kurashish umumiy dinimiz – Islomni noto‘g‘ri talqin qilishning oldini olish barobarida, bunday tahdidlar internet va boshqa vositalar orqali yoshlar orasida tarqalishidan asraydi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.