Davlat xizmatlari markazi yangi binoda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyev va boshqalar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak!”, degan ezgu g‘oya asosida davlat xizmatlari markazlarining faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholining bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Davlat xizmatlari markaziga keluvchi tumanning 74 ming nafardan ziyod aholisiga keng va ixcham, barcha qulay sharoitlarga ega bo‘lgan joyda xizmat ko‘rsatiladi. Inshoot qurilishi zamonaviy shaharsozlik me’yorlarga mos bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillari uchun keng sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Markazda elektron navbat tizimi, ma’lumot kioski, o‘z -o‘ziga elektron xizmatlar ko‘rsatish burchagi, bolalar maydonchasi va kutubxona joylashgan. Shu jumladan, fuqarolarning erkin davlat xizmatlaridan foydalanishining turli imkoniyatlari haqida xabardorligini oshirish maqsadida ma’lumotnoma stendlari va ko‘rgazmali plakatlar o‘rnatilgan. Bundan tashqari, davlat xizmatlaridan eksterritorial asosida, ya’ni yashash va ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’iy nazar foydalanishi mumkin. Bu yerda 250 ga yaqin davlat xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Inshootning tantanali ochilish marosimida yangi hayotga qadam qo‘yayotgan Taxiatosh tumanida yashovchi Mansur Kurbanbayev va Aynur Kenjebayevalarning oilasida ham unutilmas kun bo‘ldi. Bu yosh oila yangi dargohda ish boshlagan tuman FHDYO bo‘limida o‘zlarining nikohini rasmiylashtirgan birinchi oila hisoblanadi.
Markaz aholining barcha qatlamlariga, shu asnoda, yosh bolali ayollar, turli toifadagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar va faxriylarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Bu imoratda adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, Fuqarolik holati dalolatnomasini yozish (FHDYO) bo‘limi va Davlat xizmatlari markazining joylashishi hudud aholisiga yanada qulaylik yaratadi.
Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri