Davlat xizmatchilarining sog‘lig‘i doimiy nazoratda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyati filiali tomonidan viloyat hokimligi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hududiy va tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlari, viloyat hamda tuman (shahar) hokimliklarida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur tibbiy ko‘rikning dastlabki bosqichida malakali shifokorlar tomonidan 600 nafardan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilari sog‘ligining barqarorligi ko‘zdan kechirildi. Tibbiy tahlillar va yuzma-yuz muloqotlar asosida ularga tibbiy maslahat hamda tavsiyalar, zarur holatlarda esa chuqurlashtirilgan ko‘rik uchun yo‘llanmalar berilmoqda.

Yurtimizda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, jamoat salomatligini saqlashda kasalliklar profilaktikasi, immunitetni mustahkamlash, buning uchun avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni oshirishni tizimli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish ustuvor vazifalardan biriga aylanib bormoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlariga asosan tashkilotlarda xodimlarni dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda esa davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ijtimoiy himoya chorasi sifatida kafolatlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi “Tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida kasalliklar va ularni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini erta bosqichlarda aniqlash bo‘yicha maqsadli tibbiy ko‘riklar hamda skrining tekshiruvlarini o‘tkazish belgilab berilgan.

– Kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va ularning oldini olish salomatlik uchun muhim. Bu omil – oilada farovonlik, davlat xizmatida esa samaradorlikni ta’minlaydi, – deydi agentlikning Navoiy viloyati filiali inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi bosh inspektori Abror Latipov. – O‘tkazilayotgan tibbiy tahlillar, yuzma-yuz muloqotlar va qilingan xulosalar davlat xizmatchilari faoliyatida sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirish hamda ular salomatligini doimiy nazorat qilib borish zarurligini ko‘rsatmoqda. Muhimi, davlat xizmatida ishlayotgan va ko‘p hollarda o‘z salomatligi uchun vaqt topa olmayotgan xizmatchilar ushbu imkoniyatdan mamnun bo‘lmoqda.
Tibbiy ko‘riklar natijalari bo‘yicha davlat fuqarolik xizmatchilarini davolanishi uchun shart-sharoitlar yaratilib, ularning sog‘ligini mustahkamlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA