Davlat xizmatchilariga uy berildi
Buxoro shahri Amir Temur mavzesida qurilgan 7 qavatli, 42 xonadondan iborat ko‘p qavatli ikkita uy davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamda milliy gvardiya xodimlariga topshirildi.
“Construction inwestmen” qurilish-pudrat korxonasi binokorlari tomonidan bunyod etilgan xonadonlarga 15 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Barpo etilgan bu inshootning keng va yorug‘ xonadonlarida barcha sharoitlar yaratilgan.
Arzonlashtirilgan narxda va imtiyozli ipoteka krediti asosida berilayotgan zamonaviy turar joyning har bir xonadoni umumiy to‘lovining 25 foiz boshlang‘ich badal to‘lovi harbiy xizmatchilarning ish joylari, qo‘mondonlik tomonidan to‘lab berildi. Uyning qolgan 75 foizi uchun uzoq muddatli ipoteka krediti joriy qilingan. Bu to‘lov xonadon egalarining oylik maoshiga qaratilayotgani ular uchun ham juda qulay. Shinam, barcha qulayliklarga ega yangi uy hovlisi obodonlashtirilgan, bolalar maydonchasi barpo etilgan.
Zamonaviy va shinam uylarni egalariga topshirish marosimida viloyat hokimi, viloyat harbiy -ma’muriy sektori rahbari Botir Zaripov, viloyat va Buxoro shahri hokimliklari mutasaddilari, sektorlar rahbarlari, davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
[gallery-8928]
Marosimda xonadon egalariga uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
– 2010 yildan buyon harbiy xizmatdaman, – deydi Asliddin Rahmatov. –Shu kungacha ijarada yashardik. Kasb bayramimiz kunida yangi uyga ko‘chib kirishimiz unutilmas voqea bo‘ldi. O‘z uyiga ega bo‘lish – har bir odamning oilasidan ko‘ngli to‘q bo‘lishidir. Ayniqsa, bu bizning ishimizda muhim. Oilamiz uchun uch xonali uy berilganidan behad mamnunmiz. Bu uyda farzandlarimizning emin-erkin ulg‘ayishi uchun barcha sharoit bor.
Shu kuni Milliy gvardiya bo‘yicha Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlarining ham bir guruhi yangi uyli bo‘ldi.
– Davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz, – deydi oila bekasi Mohira Bahronova. — Bayramda bunday shinam uy-joyga ega bo‘lganimizdan boshimiz osmonga yetdi. Qarang, hamma sharoit muhayyo. Zamonaviy maishiy texnika jihozlari deysizmi, sovutgichlar, oshxona jihozlar to‘plami. Yotoqxonadagi, ayniqsa, bolalar yotog‘idagi mebel jihozlari ko‘zni quvontiradi. Biz bunchalik shinam uyga ko‘chib o‘tamiz deb, o‘ylamagan edik.
Zarif Komilov, O‘zA