Davlat xaridlari ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi
Mamlakatimizda davlat xaridlari sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat xaridlarida shaffoflik va adolatlilikni ta’minlash borasida muayyan chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun bilan sohadagi tartib-taomillarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish maqsadida korporativ buyurtmachilar xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan ayrim imtiyoz va preferensiyalarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.
Yangi o‘zgartishlarning yana bir muhim jihati — davlat xaridlari ustidan parlament nazoratini kuchaytirishdir. Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarga davlat buyurtmachilari amalga oshirgan xaridlar natijalari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni kiritish taklif etilmoqda. Shuningdek, davlat xaridlari jarayonida yuzaga keladigan nizolarni hal etish mexanizmlarini soddalashtirish nazarda tutilgan.
Qonun ijodkorlarining fikricha, loyihaning qabul qilinishi davlat xaridlari sohasida shaffoflikni ta’minlashga va raqobat muhitini kengaytirishga, xarid qilish tartib-taomillarini xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining xarid jarayonlarida faol ishtirokini rag‘batlantiradi.
Davlat xaridlari tizimini xalqaro ilg‘or tajriba asosida takomillashtirish esa O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA