Davlat va jamiyat o‘rtasida qaytar aloqa tizimining shakllanishi: murojaatlar, mahalla instituti, jamoatchilik fikri so‘rovlari
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosatining ijtimoiy yo‘naltirilganligi izchil ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Bu yerda gap nafaqat iqtisodiy o‘sish sur’atlari, balki fuqarolar o‘z kundalik hayotida real o‘zgarishlarni qanchalik his qilayotgani, davlat boshqaruvi tizimi ijtimoiy kutilmalarni qanchalik samarali hisobga olayotgani va odamlarning talablariga tezkorlik bilan munosabat bildirayotgani haqida bormoqda. Ijtimoiy yo‘naltirilgan yondashuv mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishning strategik hujjatlarida, jumladan, "O‘zbekiston — 2030" strategiyasida ham mustahkamlangan. Ushbu strategiya asosida fuqarolarning hayot sifatini izchil oshirish, ularning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish va jamiyatning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlashni nazarda tutuvchi "Xalq xizmatidagi davlat" tamoyili yotadi. Mazkur tanlangan yo‘lning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 16-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingani amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga yanada tizimli xususiyat berishga intilishdan dalolat beradi.
Belgilangan vazifalarni zamonaviy sharoitlarda yanada muvaffaqiyatli bajarish uchun davlat va jamiyat o‘rtasida samarali qaytar aloqani yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda har qanday ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar aholi tomonidan pirovard natijada kundalik hayot prizmasi — ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoni, infratuzilma holati, ishga joylashish imkoniyatlari va ijtimoiy himoyalanganlik darajasi orqali baholanmoqda. Shu munosabat bilan davlat hokimiyati organlari uchun nafaqat keng ko‘lamli rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, balki islohotlar odamlar tomonidan qanday idrok etilayotganligi haqidagi ob’ektiv ma’lumotlarga ega bo‘lish ham muhimdir.
Prezidentimiz raisligida 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi aynan shu masalalarga bag‘ishlandi. Muhokama davomida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish va jamoatchilik fikrini yanada chuqurroq o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish ko‘p jihatdan ijtimoiy kayfiyatni o‘rganishning kompleks tizimini shakllantirish hamda fuqarolarning talab va ehtiyojlariga yanada tezkorlik bilan munosabat bildirish yo‘lini belgilab berdi.
Kengroq kontekstda gap mamlakatda fuqarolarning murojaatlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish institutlari faoliyati va sotsiologik tadqiqotlar natijalari bir-birini to‘ldiruvchi axborot manbalari sifatida qaraladigan tizimni shakllantirish haqida bormoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi shakllantirildi, Prezidentning Xalq qabulxonalari uning eng muhim bo‘g‘ini bo‘ldi. Ularning tashkil etilishi davlat tuzilmalari va aholi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani mustahkamlash borasidagi salmoqli qadamlardan biriga aylandi.
Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, ushbu mexanizm odamlar kundalik hayotda duch keladigan ko‘plab muammolarni aniqlash va hal etish imkonini berdi: bandlik masalalari, ijtimoiy himoya, uy-joy ta’minoti, kommunal xizmatlar ishi, infratuzilma faoliyati, alohida idoralar faoliyati samaradorligi shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, so‘nggi yillardagi ish tajribasi shundan dalolat beradiki, murojaatlarni ro‘yxatga olishning o‘zigina muammolar yechimiga kafolat bo‘la olmaydi. Ko‘pincha murojaatlarning takrorlanishi bartaraf etilmay qolayotgan chuqur sabablar mavjudligini anglatadi. Muammolar faqat jamoatchilik o‘rtasida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda keng aks-sado berganidan keyingina faol muhokama mavzusiga aylanadigan holatlar ham kam emas.
Fuqarolarning murojaatlari nafaqat qaytar aloqa funksiyasini bajaradi, balki ijtimoiy keskinlikning o‘ziga xos indikatori sifatida ham namoyon bo‘ladi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlar sonining ortishi ko‘pincha kompleks tahlil va idoralararo hamkorlikni talab qiladigan tizimli muammolardan dalolat beradi.
Ijtimoiy kayfiyatni aniqlashda o‘zbekistonliklarning ijtimoiy hayotida an’anaviy ravishda muhim funksiyalarni bajarib kelayotgan mahalla instituti muhim rol o‘ynaydi. Odamlarning real yashash sharoitlari, ularning ehtiyojlari va qiyinchiliklari haqidagi ma’lumotlarning salmoqli qismi mahalla darajasida shakllanadi.
Mahalliy tuzilmalarning ishi fuqarolarning rasmiy murojaatlari darajasigacha yetib bormasligi mumkin bo‘lgan masalalarni aniqlash imkonini beradi. Ko‘plab muammolar hamjamiyat ichida muhokama qilinadi va aynan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tizimi orqali ma’lum bo‘ladi.
So‘nggi yillarda mahalla faoliyatiga turli mutaxassislar — ijtimoiy xodimlar, yoshlar yetakchilari, bandlik organlari vakillari va boshqa tuzilmalar xodimlari faol jalb etilib, "mahalla yettiligi" shakllantirildi. Shubhasiz, mahalla ishini tashkil etishning yangi modeli oilalar va alohida fuqarolar muammolarini yanada tezkor aniqlash, shuningdek, turli idoralar sa’y-harakatlarini samarali muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto shunday tizim mavjud bo‘lgan taqdirda ham aholining barcha muammolarini o‘z vaqtida aniqlash imkoni bo‘lmayapti. Ba’zi holatlarda joylardagi ishlar rasmiyatchilik xususiyatiga ega bo‘lmoqda, turli tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik esa yetarlicha natija bermayapti.
Shu sababli, muammolarni aniqlashda faqatgina ma’muriy mexanizmlarning o‘zi yetarli emasligi shubhasiz. Ijtimoiy jarayonlarni yanada chuqurroq tushunish uchun ijtimoiy kayfiyatni tahlil qilishning ilmiy metodlaridan foydalanish talab etiladi.
Haqiqatan ham zamonaviy davlat boshqaruvi amaliyotida jamoatchilik fikri sotsiologiyasi tobora katta ahamiyat kasb etmoqda, ijtimoiy kayfiyatni kompleks tizimli o‘rganish vositalariga bo‘lgan talab esa ortib bormoqda.
Aynan sotsiologik tadqiqotlar fuqarolarning murojaatlari va mahalliy institutlarning ishi orqali kelib tushadigan axborotlarni to‘ldirish hamda jamiyatda kechayotgan jarayonlar haqida yanada yaxlit tasavvur shakllantirish imkonini beradi.
Jamoatchilik fikri sotsiologiyasining ijtimoiy kayfiyatni o‘rganish tarkibiy qismlaridan biri sifatidagi roli jadal ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida ortib bormoqda, binobarin, u islohotlarning aholi tomonidan idrok etilishini, davlat institutlariga bo‘lgan ishonch darajasini va fuqarolarning turli guruhlari ijtimoiy kutilmalarini tizimli o‘rganish imkonini beradi.
Sotsiologik so‘rovlar yana bir muhim ustunlikka ega: ular nafaqat allaqachon yuzaga chiqqan muammolarni, balki hali shakllanish bosqichida bo‘lgan tendensiyalarni ham ko‘rish imkonini beradi.
Sotsiologik tadqiqotlarning dolzarbligi mamlakat aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari bilan ham tasdiqlanadi. Xususan, "Ijtimoiy fikr" RJFO‘M tomonidan 2024-2025-yillarda o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklarning to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘i (75,1 foiz) jamoatchilik fikri so‘rovlari o‘tkazilishini ijobiy idrok etadi, ularga nisbatan atigi 2,0 foiz respondentlarda salbiy munosabat kuzatilgan. Shu bilan birga, tadqiqot ishtirokchilarining aksariyat ko‘pchiligi (82,8 foiz) sotsiologik so‘rovlar jamiyatga real foyda keltirishiga ishonadi, chunki so‘rovlar mavjud muammolarni aniqlash va davlat hokimiyati organlari e’tiborini ularga qaratish imkonini beradi.
E’tiborli jihati shundaki, fuqarolarning salmoqli qismi so‘rovlarda ishtirok etishni o‘z fuqarolik pozitsiyasini ifodalash shakli sifatida ko‘radi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, respondentlar bunday so‘rovlarda qatnashish ular uchun har bir fuqaroning fikri mamlakat uchun muhim ekanligining tasdig‘i hisoblanishini, shuningdek, fuqarolar tadqiqotlardagi ishtirokini ijtimoiy faollik hamda mamlakatda kechayotgan jarayonlarga qiziqishning namoyon bo‘lishi bilan bog‘lashini qayd etgan.
Tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, 76,4 foiz respondentlar sotsiologik so‘rovlar natijalari bilan qiziqib tanishishini ta’kidlagan. Ular uchun aholining hayotiga bevosita daxldor mavzular: asosiy yutuqlar, kutilmalar, o‘zgarayotgan sharoitlar va imkoniyatlar, ayniqsa, qiziqarlidir. Bu mamlakatda jamoatchilik fikri keng muhokamaning muhim elementi ekanligini va aholi tomonidan jamiyatda kechayotgan jarayonlar haqidagi muhim axborot manbasi sifatida idrok etilishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, fuqarolarning salmoqli qismi nafaqat tadqiqot natijalari bilan tanishishga, balki ularda bevosita ishtirok etishga ham tayyor ekani diqqatga sazovordir. Masalan, respondentlar yarmidan ko‘prog‘ining (55,2 foiz) kelajakda sotsiologik so‘rovlarda qatnashish istagini bildirgani aholining shu kabi tadqiqotlarga bo‘lgan ishonchi darajasi yetarlicha yuqoriligini va ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar muhokamasida ishtirok etishga tayyorligini namoyish etadi.
Bundan tashqari, sotsiologik tadqiqotlar natijalari turli mintaqalar, aholining ijtimoiy va yosh guruhlari o‘rtasida davlat siyosatini idrok etishdagi tafovutlarni aniqlash imkonini beradi.
Bugungi kunda mamlakat hayotida davlat boshqaruvi va bandlikdan tortib, ijtimoiy himoya, ta’lim va infratuzilmani rivojlantirishgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalariga daxldor keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda, aholi soni o‘sishda davom etmoqda, ichki mobillik jarayonlari kuchaymoqda, bandlik tarkibi o‘zgarmoqda va yangi ijtimoiy kutilmalar shakllanib bormoqda. Bunday sharoitlarda ijtimoiy kayfiyat yetarlicha tez o‘zgarishi mumkin: dastlabki bosqichda ijobiy idrok etilgan qarorlar vaqt o‘tishi bilan ularni amalga oshirish amaliyotini hisobga olgan holda tuzatishlarni talab qiladi. Qolaversa, mamlakat mintaqalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy tafovutlar tufayli bir xil chora-tadbirlarga ko‘pincha turlicha munosabat bildiriladi.
Aynan shu sababli, zamonaviy sharoitda monitoring tadqiqotlarining ahamiyati sezilarli darajada ortib bormoqda. Ular bir marta o‘tkaziladigan so‘rovlardan farqli o‘laroq, o‘zgarishlarni dinamikada kuzatish, shakllanayotgan tendensiyalarni aniqlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda ularni o‘z vaqtida hisobga olish imkonini beradi.
Mamlakat Prezidenti videoselektor yig‘ilishidagi nutqida alohida ta’kidlaganidek: «Sotsiologik tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish va ularning sifatini oshirish zarur. Endilikda jamoatchilik fikrining bir martalik so‘rovlari bilan cheklanilmay, qaysi hududlarda ishonch ortayotgani, qayerda esa susayayotgani, qaysi qarorlar adolatli, qaysilari xalq manfaatiga javob bermasligi bo‘yicha doimiy monitoring va tahlillar o‘tkaziladi».
Bunday tadqiqotlarning o‘ziga xosligi olinadigan ma’lumotlarning muntazamligi va qiyoslanuvchanligidan iboratdir. Bu esa aholining nafaqat joriy baholarini, balki ularning o‘zgarishi yo‘nalishlarini qayd etish, ijtimoiy kayfiyatdagi barqaror va vaqtinchalik siljishlarni aniqlash, shuningdek, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga turli ijtimoiy guruhlarning munosabatini kuzatish va baholash imkonini beradi.
Jamoatchilik fikrini o‘rganishga bunday yondashuv xalqaro amaliyotda ham keng qo‘llaniladi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida monitoring asosidagi sotsiologik tadqiqotlar davlat boshqaruvi tizimining ajralmas qismiga aylangan.
Xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ko‘p yillardan buyon keng ko‘lamli «Yevrobarometr» (Eurobarometer) tadqiqoti o‘tkazib kelinmoqda. U fuqarolarning asosiy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga bo‘lgan munosabatini kuzatish imkonini beradi. Ushbu tadqiqot ma’lumotlarining vaqt kesimida va mamlakatlar o‘rtasida qiyoslanuvchanligi ijtimoiy kayfiyatdagi o‘zgarishlarni dinamikada aniqlash hamda davlat siyosatini shakllantirish va tartibga solishda ularni hisobga olish imkonini beradi. Olingan ma’lumotlardan ham milliy hukumatlar, ham Yevropa institutlari turli dastur va tashabbuslarni ishlab chiqishda foydalanadi[1].
AQSHda Pew Research Center va Gallup kabi tahliliy markazlar tomonidan muntazam o‘tkaziladigan tadqiqotlar muhim rol o‘ynaydi. Ularning ma’lumotlaridan ham akademik muhitda, ham boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonida keng foydalaniladi.
Bir qator Osiyo mamlakatlarida ham ijtimoiy kayfiyatni monitoring qilish amaliyoti faol rivojlanmoqda. Masalan, «Asian Barometer Study» xalqaro loyihasi doirasida Osiyo davlatlarida davlat hokimiyati institutlariga bo‘lgan ishonch, ijtimoiy adolat va siyosiy ishtirok masalalariga bag‘ishlangan jamoatchilik fikri tadqiqotlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Xalqaro tajriba shundan dalolat beradiki, jamoatchilik fikrini tizimli o‘rganish zamonaviy davlat boshqaruvining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi uchun nafaqat alohida ijtimoiy muammolarni qayd etish, balki yanada kengroq ijtimoiy jarayonlarni tushunish ham muhimdir. Sotsiologik tadqiqotlarning asosiy ustunliklaridan biri aynan mana shunda namoyon bo‘ladi, binobarin, ular: jamoatchilik ishonchi darajasiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash; dolzarb muammolarning sabablarini tahlil qilish; ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar doirasida amalga oshirilayotgan turli davlat dasturlarining samaradorligini baholash imkonini beradi.
Bundan tashqari, tadqiqot natijalaridan ijtimoiy tendensiyalarni oldindan prognozlashtirishda foydalanish mumkin. Ijtimoiy kayfiyatning qanday o‘zgarayotganini tushunish davlat institutlariga ko‘proq asoslangan qarorlar qabul qilish va ehtimoliy ijtimoiy xavf-xatarlarning oldini olishga yordam beradi.
Shu ma’noda, jamoatchilik fikri sotsiologiyasi rasmiy statistika ma’lumotlarini, fuqarolar murojaatlari orqali kelib tushadigan axborotlarni, shuningdek, ma’muriy monitoring natijalarini to‘ldirgan holda, ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilishning muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda.
Xulosa qilish mumkinki, agar ushbu jarayonda quyidagi turli axborot manbalaridan foydalanilsa, davlat va jamiyat o‘rtasidagi qaytar aloqa tizimi haqiqiy samarali bo‘ladi, xususan:
– fuqarolarning murojaatlari – tezkor yechim talab qiladigan muayyan muammolarni aniqlash imkonini beradi;
– mahalla institutining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlar – mahalliy hamjamiyatlar va alohida oilalar darajasidagi vaziyatni yaxshiroq tushunish imkonini taqdim etadi;
– sotsiologik tadqiqotlar yanada kengroq ijtimoiy tendensiyalarni ko‘rishga yordam beradi.
Ushbu vositalarning har biri o‘z funksiyasini bajaradi, ularni mujassamlashtirish esa mamlakatning ijtimoiy rivojlanishi haqida yanada ob’ektiv tasavvurni shakllantirish imkoniyatini yaratadi.
Aslida gap ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilishning ko‘p bosqichli tizimini shakllantirish haqida bormoqda, bunda ham ma’muriy ma’lumotlardan, ham ilmiy tadqiqotlar natijalaridan foydalaniladi.
Aynan shuning uchun ham fuqarolar murojaatlarining tahlili va sotsiologik tadqiqotlar natijalariga jamoatchilik fikrining holati to‘g‘risidagi muqobil emas, balki o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi axborot manbalari sifatida qaralishi lozim.
Shu munosabat bilan, Xalq qabulxonalari, mahalla institutlari va sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazuvchi tuzilmalar o‘rtasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, kelib tushayotgan axborotlarni tahlil qilish va qiyoslash bo‘yicha yagona markaz tashkil etish istiqboli tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
O‘zA