Davlat va fuqaro munosabatlarida shaffoflik
Bugun mamlakatimizda xalq og‘irini yengil qilish, ularga “davlat – fuqaro” munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi konsepsiyasi ilgari surilmoqda.
Bu esa o‘z-o‘zidan aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga imkon beradi. Albatta, har bir sohani rivojlantirish, yangi bosqichga olib chiqishda ma’lum bir huquqiy asoslar talab qilinadi.
Davlat xizmatlari agentligi tashkil topganidan toki hozirgi vaqtgacha jismoniy va yuridik shaxslarga yanada qulay xizmat ko‘rsatish, xizmat olish jarayonida uchrayotgan byurokratik to‘siqlarni tag-tomiri bilan yulib tashlash, aholining vaqti va naqdini iqtisod qilishga qaratilgan bir qancha qonun hujjatlari qabul qilindi.
O‘tgan davrda sohaga oid 10 dan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda 80 dan ortiq qonunosti hujjatlari, 60 dan ortiq ma’muriy reglamentlar qabul qilindi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatini olishlarida bir qator qulayliklar yaratildi.
Mazkur farmon bilan 59 turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari sezilarli darajada qisqartirildi. Birgina misol, Texnik loyiha hujjatlarini kelishish xizmatini ko‘rsatish uchun eski tartibda 30 kunlik muddat talab etilardi. Endi bu muddat 15 kunga qisqartirildi. Yoki professor ilmiy unvoni bo‘yicha davlat namunasidagi diplomni olish uchun avvallari 1 oy vaqt ketsa, endilikda bu uchun 1 ish kuni kifoya.
Shuningdek, davlat xizmatini ko‘rsatilishi uchun undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar miqdori ba’zilari 1 barobar, ba’zilari esa 5 borobargacha kamaytirildi.
Mazku hujjatdagi muhim band shuki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslardan 16 turdagi ma’lumotlarni talab qilish bekor qilindi. Bu degagani endilikda fuqarolar mutasaddi tashkilotlar eshigi ortida “spravka” olish uchun soatlab navbatga turmaydi. Yana shunday ma’lumotnomalarki, ish haqini tasdiqlovchi, kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlari kabi kundalik hayotda eng ko‘p talab qilinidigan “spravkalar”.
Xulosa qilib ta’kidlash lozimki, aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ushbu farmon davlat organlari faoliyati samaradorligini, tezkorligi va shaffofligini ta’minlaydi, ularning fuqarolar oldidagi mas’uliyati va ijro intizomini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qayim Xolov,
Davlat xizmatlari agentligi
Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i