Davlat tili – bebaho ma’naviy boyligimiz
Mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish yuzasidan qilinayotgan barcha ishlar yanada jadal tus oldi, desam mubolag‘a emas. Xususan, poytaxt ko‘chalaridagi reklama shitlari, bannerlar, bozorlar atrofidagi barcha yozuvlar va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalaridagi ko‘rsatmalar davlat tilida bo‘lishi jiddiy nazoratga olingan.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan ishchi guruhlar tuzilib, bir vaqtning o‘zida Toshkent shahrining barcha tumanlarida davlat tilining ijrosi yuzasidan keng ommaga tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Poytaxt ko‘chalaridagi yuzlab xorijiy tildagi reklama bannerlari olib tashlandi va eng avvalo davlat tilida yozilishi ta’minlandi. Mingdan ortiq peshlavhalar, e’lonlar, ko‘rsatmalar davlat tilida yozildi. Albatta, bu ishlar o‘z o‘zidan bo‘layotgani yo‘q.
Tadbirkorlar, ishbilarmon doira vakillari bilan ba’zida davlat tilining ahamiyati xususida soatlab tushuntirish ishlari olib borishga to‘g‘ri kelayapti. Afsuski, millati o‘zbek bo‘lgan ayrim yurtdoshlarimiz ona tilimizga shu darajada befarq va loqaydki, ularning qorin g‘amidan boshqa g‘ami yo‘q ekanligini ko‘rib mahzun bo‘lasan kishi.

Millatning qalbi o‘zgarmas, milliy tuyg‘u, milliy ruh yuksalmas ekan, hali ko‘p yillar bir joyda depsinib turishimizga to‘g‘ri keladi. Xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-umidlarining mujassami bo‘lgan ona tilimizni beshikdanoq farzandlarimiz ongu shuuriga qo‘yishimiz, o‘sib kelayotgan yosh avlodga milliy til ham jon qadar aziz ekanligini anglatishimiz, ona-tilimizni asrashni, uni himoya qilishni uqtirishimiz kerak.
Ta’kidlaganimdek, farzandlarimiz ona tili uchun mas’ul ekanligini eng avvalo, murg‘akligidan oilada his qilib o‘sishi, tushunishi, anglashi shart va muhim. Oilada mustahkam poydevori qo‘yilgan ona tilining yemirilmas poydevori bog‘chalarda, maktablarda yanada mustahkamlanib boriladi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan kunning 30 yilligiga bag‘ishlab so‘zlagan nutqida ona tilimizga e’tibor qaratish, o‘zbek tilini milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat sifatida ulug‘lash lozimligini qat’iy ta’kidlagan edi. Davlat rahbarining milliy tilimizga bo‘lgan bunday e’tibori har bir millat vakilining qalbini, ongu shuurini uyg‘otmog‘i lozim.
Akmal Ro‘zitoyev,
Toshkent shahar hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini
oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi
O‘zA