Davlat soliq qo‘mitasi raisi Navoiyda
Navoiy shahrida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda nafaqat ularning muammolariga yechim izlandi, balki soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Uchrashuvda hisob varaqlariga tuzatish kiritish, soliq qarzdorligini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, cheklarni tahrirlash, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, QQS guvohnomasini qayta tiklash, yer va mol-mulk solig‘i, ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish, inkasso topshiriqnomalari chaqirib olish, soliq organlari xodimlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

– Uchrashuvda “NKMK” AJning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami bilan bog‘liq masalada murojaat qildim, – deydi korxona mas’ul xodimi Elvira Xamidullina. – Mutasaddilarga ko‘rsatma berildi. O‘ylaymanki, murojaatimiz o‘rganilib, ijobiy yechim topadi.
Uchrashuvda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinib, murojaatlarga yechim topildi.

– Uchrashuv foydali bo‘ldi, – deydi “Finanser” MCHJ rahbari Ozodjon Hamroqulov. – Faoliyatimiz davomida har kuni o‘ndan ortiq tadbirkorlar bilan muloqot qilib, buxgalteriya va audit masalalari bo‘yicha murojaatlarini hal qilamiz. Ishimiz bevosita soliq tizimi bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar faoliyatimizga ta’sir qiladi. Faoliyatimizdan kelib chiqqan holda qo‘shimcha qiymat solig‘i, aylanma soliq, tizimli hisob varaq fakturalarini yuborishdagi muammolarni aytib, ularning yechimi yuzasidan o‘z takliflarimni ham bildirdim.
bugungi kunda “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida Navoiy viloyatida davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, sayyor soliq maslahatlari ko‘rsatilyapti.

Joriy yil 9 oyi davomida viloyatda 11 ming 253 ta korxonaning muammolari batafsil o‘rganildi. Natijada, soliq xizmati organlari xodimlari ko‘magida soliq tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan 11 ming 231 ta muammo ijobiy hal etildi.
O‘rganishlar davomida qariyb 34 mingta holatda tadbirkorlik sub’ektlariga 67 milliard 924 million so‘mdan ortiq mablag‘ ularning hisob raqamlariga qaytarib berildi. Boshqa soliq turlaridan mavjud soliq qarzdorliklariga singdirildi. Shuningdek, 206 holatda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarining 64 milliard 200 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy qoldiq summasi ularning hisob raqamlariga qaytarildi.

– Soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida joriy yil 9 oyida 21 ming 842 ta norasmiy ish o‘rni qonuniylashtirildi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Nuriddin Rahimov. – O‘tgan davr mobaynida turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan 477 ta korxonaning faoliyati tiklandi. Natijada, 537 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarga soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Viloyatda 42 ming 360 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA