Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish tartibi yangilandi
Hukumatning 2026-yil 19-fevraldagi 70-son qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga kura Akademiyada oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitishnig yangi tartibi belgilandi.
Yangi tartibga muvofiq, qabul quyidagi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi:
— tayanch doktorantura;
— doktorantura;
— mustaqil izlanuvchilik.
Hujjatlar Yagona elektron tizim hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Tayanch doktorantura va doktoranturaga hujjatlar har yili 15-sentabrdan 15-oktabrga qadar qabul qilinadi. Kirish imtihonlari esa 1-noyabrdan 25-noyabrgacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi.
Qabul jarayoni ikki bosqichda, 100 ballik baholash tizimi asosida tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorlar mutaxassislik fanlaridan (yozma, og‘zaki yoki test shaklida) imtihon topshiradi. Ikkinchi bosqichda esa dissertatsiya rejasining mufassal loyihasi taqdimoti o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari natijalari imtihonlar yakunlanganidan so‘ng Akademiyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Hamroz Bayanov, O‘zA