Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi yangi islohotlar muhokama qilindi
O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish, ish beruvchilar va xodimlar uchun ijtimoiy kafolatlarni kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi tashabbusi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligida ish beruvchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi Davron Vahobov, soha mas’ullari hamda xususiy sektorning qariyb 300 nafar vakili ishtirok etdi.
Ochiq muloqot davomida davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lashning yangi tartibi, shuningdek, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini davlat tomonidan moliyalashtirish mexanizmining amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yangi tartib asosida to‘lanmoqda. Unga ko‘ra, mehnatga layoqatsizlikning dastlabki 1–5 kunlik davri uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan, 6-kundan boshlab esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Yangi tizim asosida joriy yilning ikkinchi yarmida qo‘shimcha 800 ming nafar xodimni mazkur ijtimoiy kafolat bilan qamrab olish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini davlat tomonidan moliyalashtirish mexanizmi joriy etildi. Ushbu yangilik natijasida joriy yilning birinchi yarmida xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan 10 ming 919 nafar ayol xodimga 163,3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lab berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, xususiy sektor xodimlari mazkur ijtimoiy kafolatlardan to‘liq foydalanishi uchun “Baraka” mobil ilovasi orqali Ijtimoiy kartani rasmiylashtirishi zarur.
Ochiq muloqot ishtirokchilari yangi tartiblarning amaliyotda qo‘llanilishi, ish beruvchilarning huquq va majburiyatlari hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini yanada samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA