Davlat dasturlari ijrosi prokuratura nazoratida
Jizzax viloyatida qurilishga oid davlat dasturlari, byudjet xarajatlarini optimallashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va boshqa dolzarb topshiriqlar ijrosi Bosh prokurorning o‘rinbosari tomonidan o‘rganilmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov viloyatning Mirzacho‘l, Do‘stlik va Arnasoy tumanlarida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ob’ektlarida bo‘lib, mas’ullar bilan suhbatlashdi. Sohada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, byudjet mablag‘lari talon-toroj etilishining oldini olish, ob’ektlarni o‘z muddatida va sifatli topshirish va ob’ektdagi har bir ish jamoatchilik nazorati asosida tashkil etilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
[gallery-20569]
So‘ngra ushbu hududlarda ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘zdan kechirilib, qish mavsumiga tayyorgarlik, ortiqcha iste’molga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish, bu yo‘nalishda energiya tejamkor uskunalarni tatbiq etish borasidagi ishlar o‘rganildi. Muloqotlar chog‘ida mutasaddilarga energiya resurslaridan oqilona foydalanishning afzalliklari va ularni talon-toroj qilishning huquqiy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berdi.
O‘rganishlar natijalari viloyat hokimligida mas’ullar ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi va tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqdi.
Bosh prokuror o‘rinbosarining Jizzax viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari