Davlat dasturida NNTlarni qo‘llab-quvvatlash xususida...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3 fevral kuni 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Uni amalga oshirish uchun 29,5 trillion so‘m, 2,6 milliard dollar va 57,3 million yevro ajratiladi. Taqqoslash uchun: 2020 yilda – 18,2 trillion so‘m va 10,3 milliard dollar ajratilgan. Aytib o‘tish joizki, mazkur davlat dasturida davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga murojaatnomasida qayd etib o‘tgan muhim vazifalar birma-bir o‘z aksini topgan. Bular qatorida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish vazifasi Davlat dasturida alohida band sifatida belgilangan.
O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarning turli tashkiliy-huquqiy shakllarini tashkil etish va faoliyat olib borish imkoniyatini ta’minlovchi qonunchilik bazasi yaratilgan bo‘lib, uning poydevorini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamoat birlashmalariga bag‘ishlangan 13-bobi tashkil etadi.
NNTlar va ularning faoliyat erkinligini kafolatlovchi qonun hujjatlari qatorida “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 mayda qabul qilingan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2019 yil 4 oktyabrdagi “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini qayd etish maqsadga muvofiq.
Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash davom etishini alohida ta’kidlab, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan bir qator vazifalarni sanab o‘tdi.
Bunda davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy sheriklik aloqalarini o‘rnatish, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar hajmini oshirish zarurligi masalasiga alohida urg‘u berildi. Mazkur vazifalar 3 fevralda qabul qilingan Davlat dasturining 16-bandida alohida aks etgan.
Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi oldiga nodavlat notijorat tashkilotlarni ijtimoiy buyurtma asosida mahalliy darajadagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va ularning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bunday o‘zaro aloqalarni, avvalambor, ta’lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastrni ro‘yxatdan o‘tkazish, transport, kommunal xizmatlar, bandlik, ijtimoiy xizmatlar kabi sohalarga keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyati uchun 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 60 mlrd so‘m yo‘naltirish nazarda tutiladi.
Dasturda mazkur vazifalarni ijro etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti farmoni loyihasi ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Davlat va uchinchi sektor o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarigaxos bo‘lgan ijtimoiy buyurtmalar shakllantirish amaliyoti rivojlangan mamlakatlar uchun xos ekanligini ta’kidlashimiz lozim. Mazkur amaliyot AQSH, Yevropa va Osiyo davlatlarida keng tarqalgan.
E’tirof etishimiz kerakki, nodavlat notijorat tashkilotlari bugungi kunda demokratik qadriyatlarni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, insonlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshiruvchimuhim vositaga aylanmoqda. Shu sababli ularning Parlamentda qonun hujjatlarini qabul qilish, davlat dasturlari ijrosini nazorat qilishdagi rolini kuchaytirish dolzarb masalaga aylangan.
Yangi qabul qilingan Davlat dasturida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislarida qatnashish huquqini beruvchi Nodavlat notijorat tashkilotlarning doimiy vakili institutini joriy etish vazifasi alohida qayd etilgan. Bunda nodavlat notijorat tashkilotining vakiliga qonunchilik hujjatlariga jamoat nazorati va ijtimoiy sheriklikning samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish huquqini berish nazarda tutilgan. Ushbu taklif dastlab mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida aytilgan edi. bugungi kunda parlament Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida mazkur institutni joriy etishning huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish masalasi deputatlarning diqqat markazida.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat sektorini yanada rivojlantirish fuqarolarni davlat boshqaruvida ishtirokini faollashtirishga jalb qilish va rag‘batlantirish, birdamlik, mas’uliyat va adolat, aholining huquqiy va siyosiy ongini oshirish va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonch darajasini yanada kuchaytirishga olib keladi.
Gulnoza Sattarova,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlari nomzodi