Davlat chegarasida 12 ta yashirin tunnel aniqlangan: endilikda javobgarlik kuchaytirilmoqda
So‘nggi paytlarda davlat chegarasi orqali yashirin tunnellar qazib, tovar va mahsulotlarni tashish, noqonuniy olib o‘tish holatlari ko‘payib bormoqda. Jumladan, 2016-2025-yillar oralig‘ida 12 ta ana shunday tunellar aniqlangan. Birgina Farg‘ona va Andijon viloyatlarida tunnellar orqali 30 milliard so‘mdan ortiq tovar yashirincha olib kirilgan.
Endilikda bu kabi holatlar — davlat chegarasi orqali tovar-moddiy boyliklar, xorijiy valyuta, qimmatbaho metallar va boshqa predmetlarni noqonuniy olib o‘tish, bojxona nazoratini chetlab o‘tish bilan bog‘liq holatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni masalalarga qaratilgan.

Ta’kidlanagnidek, loyihaga ko‘ra, davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshootlar, tunnellar yoki boshqa infratuzilmadan foydalangan holda bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda. Davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy qurilgan inshootlar va tunnellardan foydalangan holda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoki davlat chegarasidan o‘tish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Qonun loyihasida davlat chegarasi orqali yer ostida noqonuniy inshootlar va tunnellar qurish, infratuzilma barpo etish, ulardan foydalanish hamda mazkur faoliyatni moliyalashtirish uchun ham alohida jinoiy javobgarlik taklif etilmoqda.
Shuningdek, kimda-kim chegaradagi noqonuniy tunnellar haqida o‘z ixtiyori bilan xabar bersa yoki jinoyatni ochishga yordam bersa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanyapti.
Muhokamalarda qonun loyihasidagi normalar davlat chegarasini mustahkamlash, mamlakatda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlanib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA