Davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun davlat byudjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘larining maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
Beruniy, Amudaryo va Qo‘ng‘irot tumanlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 895,5 million so‘m davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish orqali talon-toroj qilish holatlari aniqlandi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, 2023-2025-yillar davomida Beruniy tumanidagi 52 fermer xo‘jaligiga 1 milliard 288 million so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘i ajratilgan.
Biroq mazkur subsidiyalarni ajratishga ko‘maklashuvchi ishchi guruhning ayrim mansabdor shaxslari tomonidan hisobvaraq-fakturalarga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, soxta ma’lumotlar kiritilgani oqibatida 66 holatda 50 fermer xo‘jaligiga 311,5 million so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari asossiz va ortiqcha to‘lanishiga yo‘l qo‘yilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2024-2025-yillar mobaynida Amudaryo tumanida 193 qishloq xo‘jaligi korxonasiga 3 milliard 830,2 million so‘m, Qo‘ng‘irot tumanida esa 46 qishloq xo‘jaligi korxonasiga 1 milliard 819,6 million so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur hududlarda subsidiya ajratish jarayonida ishchi guruh tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda talabgorlarning arizalari bo‘yicha belgilangan muddatlarda joyiga chiqqan holda tegishli monitoring ishlari o‘tkazilmagan.
Jumladan, ekin turlari va maydonlari, sug‘orish usullari, elektr energiyasini hisobga olish uskunalarining holati hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi hajmining amaldagi suv sarfiga mutanosibligi o‘rganilmagan.
Natijada ishchi guruhlar tomonidan tegishli xulosalar asossiz rasmiylashtirilib, Amudaryo tumanida 36 qishloq xo‘jaligi korxonasiga davlat byudjetidan jami 337,3 million so‘m, Qo‘ng‘irot tumanida esa 15 qishloq xo‘jaligi korxonasiga amalda iste’mol qilinmagan elektr energiyasi uchun 246,7 million so‘m subsidiya ajratilib, byudjet mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallar asosida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
N.Abduraimova, O‘zA