Davlat bayrog‘i – g‘ururimiz va faxrimizdir! (+video)
Navoiy davlat universiteti tomonidan Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda viloyat IIB hamkorligida davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
1991 yil 18 noyabr. Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan edi.
Bayrog‘imiz, g‘urur va faxrimiz timsolidir. Har tong madhiyamiz yangrab, bayrog‘imiz baland ko‘tarilganida qalblarimizda shirin bir entikish tuyg‘usini tuyamiz. Ozod va obod Vatanimiz – O‘zbekistonimizning bayrog‘i bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir.
Tadbirda Davlatimiz ramzlari elimizning hurligi, milliy g‘urur va mentalitetimiz, shonli tariximiz hamda ezgu orzu-intilishlarimizni o‘zida aks ettirishi bilan birga xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirish, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-20406]
– Davlatimiz bayrog‘i xalqimizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan holda undagi har bir rang va belgi o‘z mazmuniga ko‘ra xalqimizning asriy an’analari hamda milliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etadi, – deydi Navoiy davlat universiteti rektori Muhiddin Kalonov. – O‘zbekiston hududidagi davlatchiligimiz tarixining qaysi davriga nazar solmaylik, bayrog‘imiz ajdodlarimiz uchun ozodlik yo‘lida kuch-qudrat, jasorat va g‘alaba timsoli bo‘lganligini kuzatishimiz mumkin. Shu ma’noda mustaqil Vatanimiz bayrog‘i bizni yuksak marralar sari ilhomlantirish bilan birga qadim davlatchiligimizning milliy va ma’naviy an’analari, xalqimizning bag‘rikengligi, tinchliksevarligini o‘zida mujassam etgan ulug‘ davlat ramzi hisoblanadi.
Bayrog‘imiz 1992 yilning 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi.
Sportchilarimiz esa qator xalqaro musobaqalarda shohsupaning eng yuqori joyidan o‘rin egallab, bayrog‘imizni baland ko‘targan holda yurtimizni jahonga tanitishmoqda. Zotan, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunda ta’kidlanganidek, davlatimiz bayrog‘i suverenitetimiz ramzidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/8KxCHtOdx6A" title="Davlat bayrogʻi – gʻururimiz va faxrimizdir!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abduvali Bo‘riyev, Siroj Arslonov (surat) O‘zA muxbiri