Dastlabki terim: hosilning choʻgʻi baland
Fargʻona viloyatida joriy yilda 82 ming gektardan ziyod maydonda gʻoʻzaning “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton” , “S-6524” navlari parvarishlanib, moʻl hosil yetishtirildi.
Fargʻona viloyatida joriy yilda 82 ming gektardan ziyod maydonda gʻoʻzaning “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton” , “S-6524” navlari parvarishlanib, moʻl hosil yetishtirildi.
Ayni kunlarda paxta yigʻim-terimi uyushqoqlik bilan tashkil qilinib, 1 ming 520 terim otryadlarida ishsiz hamda vaqtinchalik band boʻlmagan 152 mingdan ortiq aholi ixtiyoriy paxta yigʻishtirib olishda ishtirok etmoqda.
9 ta paxtachilik-toʻqimachilik klasterlari ham qisqa muddatda terimni yakunlash choralarini belgilagan boʻlib, terimchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ular bilan paxta maydonining oʻzida kunlik yoki har besh kunlik hisob-kitob qilinishi dala mehnatkashlari uchun yaratib berilgan qulayliklardan biridir. Bir kilogramm qoʻlda terilgan paxta uchun 1 000 soʻmdan mehnat haqi toʻlanyapti.
Kundan kunga paxta tayyorlash shartnomasini uddalayotgan fermer xoʻjaliklari soni koʻpayib bormoqda. Fargʻona tumanidagi “Mindon Mirzahamdam” fermer xoʻjaligida 19,5 gektar maydonning har gektaridan 32 sentnerdan hosil terib olindi. Paxta qabul punktlariga yetkazib berilgan hosil salmogʻi 65 tonnadan oshdi. Yalpi hosil oliy navlarga sotildi. Fermer hosildorligini 45 sentnerga yetkazishni maqsad qilgan. Paxtachilikning oʻzidan 600 million soʻm daromad olinadi.
Furqat tumanidagi “Rustamjon Sarimsoqov” nomli fermer xoʻjaligi paxtakorlari har gektar yerdan 40 sentnerdan hosil terib olishdi. Qabul punktlariga yetkazib berilgan xirmon salmogʻi 100 tonnadan oshdi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, xoʻjalik paxtachilikning oʻzidan 300 million soʻmdan ortiq sof foyda oladi.
– Dalalarimizda hosil moʻl, – deydi fermer Rustamjon Sarimsoqov. – Bu gektarlar hosildorligini oshirish, mehnatga yarasha manfaat topish imkoniyatini beradi.