Dastlabki mahsulotlar bozorga chiqdi
Namangan tumanidagi “Imron textile group” xususiy korxonasi ishlab chiqargan dastlabki mahsulotlar bozorga chiqarildi.
Namangan tumanidagi “Imron textile group” xususiy korxonasi ishlab chiqargan dastlabki mahsulotlar bozorga chiqarildi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mamlakatimizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘payishida muhim omil bo‘lmoqda. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Imron textile group” xususiy korxonasi ham Namangan viloyati sanoati salohiyatini oshirish dasturi doirasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yo‘nalishida amalga oshirilgan istiqbolli loyihalardan biridir.
2014-yil yosh tadbirkor Islomjon Qutbiddinov tashkil etgan mazkur korxona zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Xorijdan komputerlashtirilgan tizimda boshqariladigan eng zamonaviy tikuv dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Mutaxassis va tajribali tikuvchilardan iborat mehnat jamoasi shakllantirilib, ularni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘rgatish, sinov-ishlab chiqarish jarayonlari ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
– Uzoqni ko‘zlab ish tutish tadbirkorlikning asosiy shartlaridan biridir, – deydi I.Qutbiddinov. – Ayniqsa, xorij texnologiyalari bilan ishlashda ishlab chiqarish samaradorligi va yuqori sifatning barcha omillarini sinovdan o‘tkazmay turib korxonani ishga tushirish muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun biz tayyorgarlik ishlariga vaqtni ayamadik.
Puxta reja asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida korxonada oyiga 120 mingta trikotaj mahsuloti ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Ayni kunlarda bu yerda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 20 dan ortiq turdagi kiyim-kechaklar tayyorlanmoqda. Joriy yilning 6 oyida 100 million so‘mlik xushbichim trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Korxonada 15 kishining doimiy ish bilan ta’minlangani bandlik dasturi ijrosiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi.