Daryo qirgʻogʻidagi ona...
Namangan viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida yigirmadan ziyod shunday holat qayd etilgani fikrimiz isbotidir.
Yozning issiq kunlarida yoshlarning choʻmilish uchun daryo, koʻl, soy va anhor singari suv havzalariga talpinishi tabiiy holat. Biroq, taqiqlangan yoki belgilanmagan suv havzalarida choʻmilish hamisha ham koʻngilli hordiq zavq-shavqi bilan oʻtavermaydi. Afsuski, oqibati suvga choʻkib yoki oqib ketish bilan bogʻliq fojialar ham uchrab turadi.
Namangan viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida yigirmadan ziyod shunday holat qayd etilgani fikrimiz isbotidir.
Sirdaryoni sirli daryo deyishadi. Bir qarashda yoyilib, sokin oqayotgan suvning tubida kuchli shiddat, tezoblik bor. Buni bilib-bilmay suvga shoʻngʻiganlarning ayrimlari suvdan qaytib chiqmaydi. 15-16-iyul sanalarida ham daryoning Namangan tumanidan oʻtgan qismida ikkita shunday holat qayd etildi.
–Daryo qirgʻogʻida oʻtirgan ayol. Bu holatni lavha uchun atayin uyushtirib suratga olingani yoʻq, – deydi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi guruh boshligʻi, katta leytenant Q. Sattorov. – Uch kun avval oʻktam oʻgʻlonidan ayrilib qolgan onani Sirdaryoga munojot qilib, oʻgʻlini qaytarib berishini soʻrayotgan holda uchratdik. Ochigʻi, bu tasvirdan har qanday odamning ham yurak-bagʻri eziladi. Axir, yaqindagina harbiy xizmatni tugatib uyga qaytgan, bugun-erta harbiy oliy oʻquv yurtiga imtihon topshiraman deb yurgan, boʻy-bastiga koʻz quvonadigan yigirma bir yoshli oʻgʻli uch nafar doʻsti bilan Namangan tumanidagi Guldirov mahallasi hududidan oʻtgan Sirdaryoga choʻmilishga keldi-yu, suvdan qaytib chiqmaydi.
Voqea sodir boʻlganiga uch kun oʻtsada, Yu.S.ning na tirigi, na jasadidan darak bor. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tuman boʻlimi qutqaruv guruhi tomonidan qidiruv ishlari bir zum boʻlsada toʻxtatilgani yoʻq. Albatta, ayrim yoshlarning oqibatini oʻylamasdan qilayotlgan ishlari, taqiqlangan joylarda choʻmilishi bu kabi koʻngilsiz holatlarga sabab boʻlmoqda. Uning oldini olishda esa nafaqat mutasaddi idoralar, balki keng jamoatchilik hamkorligi zarur.
Bugun koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda ochiq suv havzalarida choʻmilish qatʼiyan taqiqlangan. Bundan tashqari, mavsum davomida taqiqlash belgisi qoʻyilgan har qanday suv havzalarida, ayniqsa, tezoqar anhor, kanal va daryolarda choʻmilish umuman tavsiya etilmaydi. Aks holda, guldek umr erta hazon boʻlishi, ortidan ota-ona, qarindosh urugʻlar chirqillab qolish hech gap emas. Shunday ekan, oʻzingizni asrang, eng maʼquli, karantin davrida uyda qoling!