Darsliklar o‘z vaqtida yetkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «2015-2016 o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan to‘liq ta’minlash choralari» mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «2015-2016 o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan to‘liq ta’minlash choralari» mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda xalq ta’limi tizimi mutasaddilari, o‘qituvchilar, maktab kutubxonalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodga puxta bilim berish, ularni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ta’lim sifati va mazmunini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonda darsliklar sifatini takomillashtirish, o‘quv adabiyotlarini ta’lim maskanlariga o‘z vaqtida yetkazib berish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2015-2016 o‘quv yili uchun barcha umumta’lim maktablari ehtiyojidan kelib chiqqan holda, jami 454 nomda 25 million 708 ming nusxadan ortiq darslik va qo‘llanmalar chop etilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda nashriyot va bosmaxonalar tomonidan nashr etilgan darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar qabul qilinib, joylarga yetkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida 1-2-sinf chet tili darsliklarining mantiqiy davomi sifatida yangi o‘quv yiliga 3-sinf o‘quvchilari uchun mualliflar guruhi tomonidan chet tillaridan davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi asosida darslik, mashq daftari, o‘qituvchi kitobi, multimedia ilovalari ishlab chiqilib, nashriyotlar va bosmaxonalar tomonidan chop etilmoqda.
2015-2016 o‘quv yili uchun boshlang‘ich ta’lim, ya’ni 2-sinf «Atrofimizdagi olam», «Matematika», «Ona tili», «O‘qish», «Rus tili», «Kniga dlya chteniya» va «O‘zbek tili» fanlari o‘qituvchilariga jami 7 nomda 335 ming tirajda metodik qo‘llanma hamda ularga qo‘shimcha ravishda 41 ming 640 dona DVD disk multimedia ilovalari tayyorlandi. Yangi o‘quv yilida o‘qituvchilar mazkur metodik qo‘llanmadan foydalanishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda maktab kutubxonasi jamg‘armasidagi mavjud darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni xatlovdan o‘tkazish, umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darslik bilan to‘liq ta’minlash borasidagi vazifalar atroflicha muhokama etildi.