Daraxtlar muhofazasi qonun himoyasida
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bitta daraxt bir yilda ikki kishiga yetarli qislorod ishlab chiqaradi. Yozda esa havoni 2-8 darajagacha salqinlashtirib, uylar yonida havoni mo‘’tadillashtirishga xizmat qiladi.
bugungi kunda mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil taraqqiyot” ga erishish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan daraxtzorlarni ko‘paytirish maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hudud va jamoat parklari tashkil etilmoqda. Loyiha doirasida barcha hududlarda millionlab tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi. Aksariyati bugungi kunda ko‘karib, yashillikka burkangan.
Ammo ayrim joylarda buning aksini ko‘rish mumkin. Kuz yoxud bahorning ilk oylarida ekilgan daraxt va butalar xanuzgacha ko‘karmasdan, “qish uyqusi”da. Navoiy shahrining Islom Karimov ko‘chasi “Me’morlar” va Nizomiy ko‘chalari oralig‘i ko‘cha va piyodalar yo‘lagi yonlariga, shuningdek, Alisher Navoiy nomli bog‘, unga o‘rnatilgan bayroqqa “Me’morlar” ko‘chasi tarafdan boruvchi yo‘lak atrofiga ekilgan yuzlab daraxt nihollari “tug‘ildi-yu shu on bo‘g‘ilib” ko‘karishga ulgurmagan.
Xo‘sh bunga sabab nima, ularni parvarishlash kimning zimmasida? Biror bir me’yoriy hujjatlarda daraxt va butalarni ekish va parvarishlash, kesish va shikastlantirish yoxud boshqa omillar uchun javobgarlik belgilanganmi?
Shu va boshqa savollarga OAV vakillari va blogerlar Navoiy viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida javob olishdi.
Matbuot anjumanida boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Razzoqov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatda amalga oshirilgan ishlarga batafsil to‘xtaldi.
Viloyatda bahor mavsumida hududlar iqlimi va sug‘orish tizimini inobatga olgan holda 8 million 790 ming dona daraxt va buta ko‘chati ekish rejalashtirilgan bo‘lib, 9 million 249 ming dona ko‘chat ekilgan.
[gallery-6854]
– Viloyatning umumiy maydoni 11,1 million gektarni tashkil etib, o‘rtacha 1 million 840 ming gektari yashil maydonlardan iborat, – dedi U.Razzoqov. – Loyiha doirasida 120,5 gektar hududda yashil maydonlar va 48,2 gektar maydonda jamoat parklari, jumladan 18 ta “yashil bog‘”, 17 ta “yashil jamoat parki, shuningdek, 11 ta “kashtan ko‘chasi”, “eman ko‘chasi” va “chinor ko‘chasi” kabi namunaviy ko‘chalar tashkil etish borasida ishlar boshlangan. Barcha tuman va shaharlarda akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ishtirokida ko‘chat ekish va parvarishlash masalalariga bag‘ishlab amaliy o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, 2021 yil davomida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni noqonuniy kesgan jismoiy va yuridik shaxslarga nisbatan 403 million so‘m jarima va 661 million so‘m zararni undirish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Joriy yilning birinchi choragida esa qariyib 46 million so‘m jarima va 78,3 million so‘m zararni undirish belgilandi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga boshqarma mutasaddilari tomonidan javob qaytarildi.
Biror bir me’yoriy hujjatlarda daraxt va butalarni ekish va parvarishlash, kesish va shikastlantirish yoxud boshqa omillar uchun javobgarlik belgilanganmi? Bu savolga boshqarma boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Xayrulla Baqoyev shunday javob berdi:
– Albatta, belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki o‘zlariga biriktirilgan hududlarda daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganlik, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA.