Daraxt kesganlarga keskin chora qo‘llandi
Sirdaryo viloyatida 2025 yil davomida daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 90 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, aybdorlarga nisbatan jami 769 million 548 ming so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 275 million 734 ming so‘m etib belgilandi.
Mazkur holatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 46-sonli farmoni talablariga zid ravishda sodir etilgan. Ushbu farmonga muvofiq, qimmatbaho daraxt navlarini kesishga joriy etilgan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.

Aniqlangan 90 ta holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Nazorat tadbirlari davomida har bir holat alohida o‘rganilib, qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, daraxtlarning noqonuniy kesilishi nafaqat ekologik muammo, balki jamoat salomatligi va hududning iqlim barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘lib, havo sifatining yomonlashishi, tuproq eroziyasi va cho‘llanish xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda vakolatli idoralar tomonidan daraxtlarni muhofaza qilish, ekologik qonunbuzarliklarning oldini olish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri