Daraxt ekish tadbirlarida rahbarlar ham ishtirok etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlarida daraxt ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri uyushqoqlik bilan boshlab yuborildi. Bu tadbirlarda rahbarlar ham ishtirok etib, soha xodimlariga namuna ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri D.Usakov Xo‘jayli tumanida daraxt ekishda ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boshqarmasi boshlig‘i Q.Muratov ham daraxt ekib, ushbu tadbirning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Mas’ullar daraxt ekish bilan birga irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini tozalash, gidroinshootlarni ta’mirlash, umuman, kuz-qish mavsumida amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Tadbir doirasida tumandagi xo‘jaliklararo va ichki kanallarni tozalash ishlari o‘rganildi.

– “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida tumanimiz suv xo‘jaligi xodimlari 36 mingdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekishni rejalashtirgan, – deydi Xo‘jayli tumani irrigatsiya bo‘limi bosh gidrometri Avezimbet Abdireyimov. – Bu ishlarni tizimli tashkil qilish uchun suv xo‘jaligi ob’ektlariga tegishli qaysi maydonga qanday daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha jadval ishlab chiqildi. Unda ko‘chat ekiladigan maydonlarning tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumida asosan tut, terak, tol va jiyda daraxti ko‘chatlari ekilishi nazarda tutildi. Buning uchun ko‘chat yetishtiruvchi tashkilotlar bilan shartnoma tuzdik. Bugun dastlabki ko‘chatlar belgilangan maydonlarga ekildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlari tomonidan kuz-bahor mavsumida jami 33 million tupdan ortiq daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA