COVID-19: MDH mamlakatlarida vaziyat qanday?
Kecha Rossiyada 507 kishi koronavirusdan vafot etdi. Bu mamlakatda yangi antirekord hisoblanadi. Vafot etgan bemorlar soni bo‘yicha Sankt-Peterburg Moskvani ham ortda qoldirgan. Umuman, Hamdo‘stlik mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qay ahvolda? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.
Armanistonda COVID-19 bo‘yicha ma’lum muvaffaqiyatlarga erishilgani aytilmoqda. Koronavirusga chalinganlar oxirgi 14 kunda 33 foizga pasaygani qayd etilgan. Armaniston sog‘liqni saqlash vazirligining kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Romella Abovyan Sputnik-Armeniyaga bergan intervyusida shu haqda ma’lum qilgan.
Ayni paytda Armanistonda kasallik tarqalish sur’ati pasaygan.
«Hozir vaziyat nisbatan barqaror. Agar bundan avval koronavirusga chalinganlar soni kuniga 2,5 ming kishiga yetgan bo‘lsa, hozir bu o‘rtacha 1,5 ming kishini tashkil etmoqda», – deydi Abovyan.
25 noyabrgacha Armanistonda 129 mingdan ziyod kishi koronavirusga chalingani qayd etildi, 2 ming 40 kishi vafot etgan.
Ozarbayjonda koronavirusga chalingan 30 mingdan ziyod bemor uyda davolanmoqda. Shifokorlar ular bilan tezkor telefon muloqotini yo‘lga qo‘ygan. Zarurat tug‘ilganda bemorning uyiga kelib, shifoxonalarga olib ketish imkoniyati ega. Koronavirus aniqlangan bemorlarga dori-darmonlar bepul beriladi.
O‘tgan kuni mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 3 ming 646 ta yangi holat aniqlandi. Ozarbayjonlik mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirusga yengil ko‘rinishda chalingan bemorlar uyda davolanmoqda, lekin og‘ir bemorlar klinik sharoitlarda davolanishi shart.
Ozarbayjon sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ta’kidlashicha, mamlakatda koronavirusdan vafot etish ko‘rsatkichi juda past.
Qozog‘istonda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Sharqiy Qozog‘istonda beshta maktab karantin tufayli yopib qo‘yilgan. Ushbu maktablarda bir nechta o‘qituvchi va o‘quvchilarda koronavirus aniqlangan.
Bugunga kungacha Qozog‘istonda 128 ming 400 kishi COVID-19ga chalingani qayd etildi, 1 ming 990 kishi vafot etgan.
Qirg‘izistonda COVID-19ga qarshi innovatsion himoyalanish vositalarini ishlab chiqaruvchilar «Qirg‘izpatent» tomonidan 2 ming dollar yordam puli oladi. Ayni paytda mamlakatda koronavirusga chalinishning kunlik ko‘rsatkichi pasaymoqda. O‘tgan kuni 378 kishi kasallikka chalingan. Bu oy boshiga qaraganda 200 kishiga kam.
Moldovada ayrim cheklovlar hamon davom etmoqda. 26 noyabrgacha jami 101 ming 203 bemor aniqlandi. Shu kungacha pandemiyadan qurbon bo‘lganlar soni 2 ming 200 kishidan oshdi. Moldova koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyo reytingida 63-o‘rinni egallab turibdi.
Rossiyada shu kungacha 2 million 162 mingdan ziyod kishi koronavirusga chalingani aniqlangan. 37 ming 538 kishi vafot etdi. 26 noyabrgacha mamlakatda 1 million 660 ming 419 kishi koronavirusdan to‘liq tuzaldi.
Tojikistonda o‘tgan kuni koronavirusga chalingan 37 ta yangi bemor aniqlandi. 30 apreldan 25 noyabrgacha jami kasallanganlar soni 12 ming kishidan oshdi, deb xabar qiladi «Xovar» milliy axborot agentligi.
Shu kungacha koronavirusdan 11 ming 395 kishi yoki bemorlarning 94,9 foizi sog‘ayib chiqqan. Tojikistonda COVID-19 dan 86 kishi vafot etdi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi
O‘zA