Coca-Cola Superliga. «Turon» nihoyat g‘alaba qozondi
Kecha Coca-Cola Superliganing 12-tur o‘yinlari start oldi. O‘z maydonida kuchli oltilikda borayotgan «Metallurg»ni qabul qilgan «Turon» nihoyat mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qildi.
Uchrashuvning 18-daqiqasida bekobodliklar jarima maydoni ichkarisida to‘pni qo‘l bilan o‘ynaganliklari uchun bosh hakam penalti belgiladi. «Lotoreya»dan Muzaffarjon Muzaffarov unumli foydalana bildi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin sur’ati yanada jonlandi. Mezbonlar yutuqni saqlab qolish, mehmonlar esa, turgan gapki tenglashtirishga xo‘p urinishdi. Hujumlar, xavfli vaziyatlar har ikkala jamoa tomonidan bir necha bor yuz berdi. Lekin gol urish baribir yana maydon egalariga nasib etdi. Qanotdan oshirib berilgan to‘pni jamoaning koreyalik legioneri, tinib-tinchimas Kim Boyong noqulay vaziyatda turganiga qaramay boshi bilan urib, Lobanovni lol qoldirdi.
«Qizilqum» esa muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi. «Mash’al»ni qabul qilgan navoiyliklar birinchi bo‘limning o‘zida raqiblar darvozasini ikki bor nishonga olib, o‘yin taqdirini hal qilib bo‘lishgandi.
Coca-Cola Superliga.
12-tur. 2 iyul, juma
QIZILQUM – MASH’AL - 2:0 (2:0)
Navoiy. «Yoshlar» sport majmuasi. 2419 tomoshabin.
Gollar: Erkin Baydullayev, 18 (1:0), Elguja Grigalashvili, 30- pen. (2:0).
TURON – METALLURG - 2:0 (1:0)
Yaypan. «O‘zbekiston» stadioni. 3953 tomoshabin.
Gol: Muzaffarjon Muzaffarov, 18-pen. (1:0), Kim Boyong, 58 (2:0)
12-tur o‘yinlari bugun va erta yana davom ettiriladi.
3 iyul
AGMK – QO‘QON-1912
NAVBAHOR – ANDIJON
4 iyul
SURXON – BUNYODKOR
NASAF – SO‘G‘DIYONA
PAXTAKOR – LOKOMOTIV.
Oybek YUNUSOV, O‘zA