Chust pichog‘i Adliya vazirligida ro‘yxatga olindi
“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, tovarni muayyan geografik ob’ekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich, deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasining ko‘magi bilan yetti iqlimga dong‘i ketgan “Chust pichog‘i” geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, ko‘hna va navqiron bu o‘lkada pichoqchilik an’analarini avloddan avlodga yetkazib kelayotgan hunarmandlar ko‘plab topiladi.

– Vodiy viloyatlarida birinchilardan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ushbu geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma uning egasi, ya’ni Hunarmandlar uyushmasi Chust tumani bo‘limiga hujjatda ko‘rsatilgan tovar turiga nisbatan foydalanish huquqini beradi, – deydi viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Foziljon Jo‘raboyev. – Shu ma’noda, geografik ko‘rsatkichlar sonining ko‘payishi hududlarga sayyohlik oqimining yanada ortishiga, ayniqsa, gastronomik turizmni rivojlantirishga, bir so‘z bilan aytganda, manzilning turistik jozibadorligini oshirishga yordam beradi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri