Churuq ovulida mustaqillik shodiyonalari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yillik shodiyonalari Buxoro viloyati Shofirkon tumani Sharof Rashidov mahallasiga qarashli Churuq ovulida ham katta tantana qilindi.
Bayram munosabati bilan hududda “Shofirkon dehqon bozori” MCHJ tomonidan 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosi tashkil etildi. Tadbirda hokim o‘rinbosarlari, tashkilot, muassasalar vakillari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, qolaversa, churuqlik yoshlar va keksalar qatnashdi.
Milliy liboslarda ko‘zlarida hurlik farzandlari ekanligidan iftixor tuygan bolajonlar yurt, vatan, istiqlol, shukronalik, O‘zbekiston haqida baralla she’rlar madh etib, qo‘shiqlar kuyladi. Ularning har bir chiqishini tadbir ishtirokchilari olqishlar bilan kutib oldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat IIB boshqarmasi boshlig‘i M.Miralimov, tuman rahbari A.Fayzilloyev, 39-maktab direktori M.Sulaymonov, mahalla posboni E.Turdiyev, ovullik nuroniylar barchani Istiqlolning 32 yillik to‘yi bilan qutlab, samimiy tilaklarni izhor etdi. Bayram munosabati bilan churuqlik nuroniylarga, mehnat faxriylariga esdalik sovg‘alari, tuman Nuroniylar kengashi tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. Tuman rahbari A.Fayzilloyev joriy yilda maktabga ilk qadam qo‘yayotgan 5 nafar churuqlik bolajonlarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi.
[gallery-13291]
Tantana san’at ustalarining kuy-qo‘shiqlari, raqslariga ulandi. Bayramona dasturxon yozilib, osh tortildi. Nuroniylar mustaqilligimizning abadiy bo‘lishi, tinchligimizga ko‘z tegmasligi, oilalar farovonligi, dasturxonlar to‘kinligini so‘rab duoga qo‘l ochdi. Mutasaddi rahbarlar hududda bo‘lish davomida qayta qurilishi rejalashtirilgan 39-maktab loyihasi yuzasidan tegishli oqsoqollar, faxriylar bilan fikr almashib, ularning takliflarini o‘rgandi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA