Chorvachilikdagi istiqbolli loyihalar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan Arnasoy tumaniga press-tur tashkil etildi.
“Chorvachilik sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va aholini chorvachilik mahsulotlari bilan ta’minlashda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari dastlab “Sangzor” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Mamlakatimizda chorvachilikda naslchilik ishlarini tashkil etish va shu orqali zotli qoramollar sonini ko‘paytirish ishlari qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solingan bo‘lib, hayvonlarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatini yaxshilash maqsadida qabul qilingan “Naslchilik to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
Ushbu qonunning yangi tahriridagi 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining naslchilik sohasidagi vakolatlari aniq belgilab berilgan. Unga muvofiq, “Inspeksiya organi zotli mollardan oqilona foydalanilishi, hayvonlar va ularning urug‘lari eksport va import qilinishi, chorvachilikda naslchilik ishlarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Davlat, idoraviy va xususiy sektorlardagi chorvachilikda naslchilik ishlari bo‘yicha mutaxassislar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi”, deya belgilangan.
– Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligimizga qarashli 1 gektardan ortiq maydonda tashkil etilgan ushbu chorva kompleksimizda 320 bosh simental zotli, shundan 200 boshini sog‘in sigirlar tashkil etib, ushbu qoramollar barcha belgilangan ratsionga rioya etilgan holda parvarish qilinmoqda, – deydi “Sangzor” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Farhod Yodgorov. – Har bosh sog‘in sigirdan kuniga o‘rtacha 20 litr atrofida sut sog‘ib olinmoqda. Chorva kompleksimizda 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Kelgusida mana shu chorva kompleksi hududida sutni qayta ishlash sexini barpo etishni rejalashtirganmiz. Qurilish ishlari yakuniga yetgach, Avstriyadan sutni qayta ishlash jihozlarini olib kelib o‘rnatamiz. Ana shunda yana 6 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi. “Sangzor” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida sun’iy urug‘lantirish uchun Avstriya va Germaniya davlatlaridan kerakli dozadagi buqa urug‘lari olib kelinib, maxsus idishlarda saqlanmoqda.
– Chorva mollarining naslini yaxshilashda sun’iy urug‘lantirishning ahamiyati katta, – deydi Inspeksiyaning Arnasoy tuman bo‘limi katta inspektori I.Mamatov. – Vakolatdan kelib chiqib, hududda sun’iy urug‘lantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar qat’iy nazoratga olinib, chorvadorlar o‘rtasida targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda, tumanda qoramolchilik yo‘nalishida 44 ta fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatib, ularda 1 ming 926 bosh yirik shoxli zotdor qoramol parvarishlanmoqda. Jizzax viloyati bo‘yicha esa 1 ming 396 ta chorvachilik sub’ekti mavjud bo‘lib, shundan, 32 tasini naslchilik maqomini olgan xo‘jaliklar tashkil qiladi. Chorvachilik sub’ektlarining 715 tasi qoramolchilikka ixtisoslashgan. Naslchilik xo‘jaliklarida 2 ming 500 boshdan ortiq zotdor mollar parvarish qilinayapti.
[gallery-6449]
Press-tur davomida ishtirokchilarga chorvachilik fermer xo‘jaligi uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, yem-xashak jamg‘arilishi va qishloq mulkdorining kelgusida qayta ishlash borasidagi rejalari to‘g‘risida ham atroflicha ma’lumot berildi. Arnasoy tumanida baliq yetishtirish borasida ham katta imkoniyatlar mavjud. Shundan kelib chiqib, keyingi manzil aynan baliqchilik bilan shug‘ullanayotgan “Turfa baliq” xususiy korxonasi bo‘ldi.
– 2018 yil tashkil etilgan korxonaga 114 gektar yer maydoni ajratib berilgan, – deydi “O‘zagroinspeksiya” ning tuman bo‘limi inspektori B.Isayev. – Ishbilarmon tomonidan 98 gektarga sun’iy suv havzasi barpo etilgan.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jami 63 ta nazorat tadbiri olib borilgan. Shuningdek, doimiy ravishda tadbirkorlik sub’ektlarida suvdan oqilona va samarali foydalanish to‘g‘risida targ‘ibot tadbirlari ham izchillik bilan amalga oshirib borilmoqda. Qayd etish joiz, “Turfa baliq” xususiy korxonasi tomonidan birgina o‘tgan 2021 yilning o‘zida 100 tonna parhezbop baliq mahsuloti xalqimiz dasturxoniga yetkazib berildi. Joriy yilda baliq yetishtirish hajmini yanada oshirish maqsadida shu kunlarda 15 ming dona chavoq mahsulotlarini sun’iy suv havzasiga tashlash ishlari olib borilmoqda. Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Arnasoy tumanida baliqchilik yo‘nalishida 7 ta fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ularni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda.
Press-tur yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA