Chorvachilik: tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Yurtimizda chorvachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, sohada zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish orqali mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va ularning turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli go‘sht, sut hamda boshqa shu turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 29 yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham soha rivoji, jumladan, chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i M.Klichev boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida “To‘maris Nur” chorva fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi. Uchrashuvda tadbirkorlarga bojxona sohasida yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining soddalashtirilayotgani va sohada yangi qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, qoramol importi xalqaro kredit liniyalari orqali olib kelingan hollarda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi va Prezidentimizning joriy yil 8 fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yig‘ish va ozuqa tayyorlash qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025 yil 1 martga qadar bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlariga “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.

Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “To‘maris Nur” chorva fermer xo‘jaligida ilmiy yondashuv va ilg‘or zamonaviy texnologiyalar asosida sut va ozuqa-yem yetishtiriladi. Mazkur fermer xo‘jaligi ham yaratilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanmoqda. Ayni damda chorva xo‘jaligida 1 ming 145 bosh zotli sigir boqilmoqda. Hozirda 70 nafar xotin-qiz doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Mazkur chorva kompleksi cho‘l zonasida tashkil etilgan bo‘lib, chorva mollari ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 2021 yilda jami 4 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 350 gektar sho‘r bosgan yerlarda makkajo‘xori yetishtirilmoqda.
Tadbirda chorvachilik sohasini isloh qilish, sohada bozor munosabatlarini keng joriy qilish, chorvachilik mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA