Chortoqda “Yoshlar ziyo maskani” — zamonaviy kapsula kutubxonasi foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanida yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan yana bir muhim loyiha amalga oshirildi.
Alisher Navoiy nomli mahallada zamonaviy kapsula kutubxonasi — “Yoshlar ziyo maskani” foydalanishga topshirildi.
Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur maskanning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Ilhom Sattorov, Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori, soha mas’ullari, kitobxon yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi va o‘z ustida ishlashi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, mazkur kutubxona ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.
[gallery-30231]
Ta’kidlanganidek, bunday innovatsion bilim maskanlari yoshlarni kitob mutolaasiga keng jalb etish, ularning dunyoqarashi va tafakkurini boyitish, intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kapsula kutubxonasi badiiy adabiyotlar, jahon va o‘zbek klassiklari asarlari, ilmiy-ommabop, motivatsion hamda shaxsiy rivojlanishga oid sara kitoblar bilan ta’minlangan. Shuningdek, yoshlar uchun barcha zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular bu yerda erkin mutolaa qilishi, bilim va ko‘nikmalarini boyitishi, izlanishi hamda mazmunli vaqt o‘tkazishi mumkin.
“Yoshlar ziyo maskani” endilikda nafaqat kutubxona, balki yoshlarning o‘zaro fikr almashuvi, yangi g‘oyalar ustida ishlashi va intellektual rivojlanishi uchun xizmat qiladigan zamonaviy ma’rifat markazi vazifasini ham bajaradi.
Bu kabi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA