"Cho‘ntak advokat"lari paydo bo‘lishining oldi olinadi
Fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatilib, ma’muriy va fuqarolik ishlari bo‘yicha davlat hisobidan bepul yordam ko‘rsatish nazarda tutilmagan. Bu esa kam ta’minlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligiga olib kelmoqda. Natijada bu "cho‘ntak advokat"lari va boshqa korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lyapti.
Xususan, 2021 yilda ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan 15 mingga yaqin ishlarning 4 mingdan ortig‘i pensiya va nafaqa tayinlash masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 519 mingga yaqin ishlardan qariyb 148 mingtasi xotin-qizlar da’vo arizalari asosida ko‘rilgan.
Shu bilan birga, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi yagona organ belgilanmagani byudjet mablag‘larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
«Davlat hisobidan yuridik yordam to‘g‘risida»gi qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro shartnomalar bilan kafolatlangan o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hamda yuridik yordam olish va odil sudlovga erishishda teng imkoniyatlardan foydalanishini ta’minlaydi.
Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi muhokama qilinar ekan, deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar berdi.
Shuningdek, yig‘ilishda «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Deputatlar qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan qoidalarning turlicha talqin qilinishining oldini olishga xizmat qilishini ta’kidlab, uni ma’qulladilar.
M.Komilova, O‘zA