Cho‘l-dasht hududlarida pista plantatsiyalari ko‘paytiriladi
O‘zbekistonda cho‘l-dasht va samarasiz yerlarni o‘zlashtirish hisobiga yirik pista plantatsiyalarini yaratish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda 50 yillik tajribaga ega eronlik mutaxassislar jalb qilinib, ular tomonidan ushbu o‘simlik uchun istiqbolli yer maydonlari o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston hududining katta qismi, ya’ni 32 million gektardan ortig‘i cho‘l va yarim cho‘l zonalaridan iborat. Xususan, pista plantatsiyalarini tashkil etish imkoniyatlari Buxoro viloyatining Buxoro, Qorovulbozor tumanlari hamda viloyatning boshqa hududlarida ham o‘rganildi. Eronlik mutaxassislar Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori hamda Qorovulbozor tumani hokimi hamrohligida pista plantatsiyalari uchun ajratilgan yer maydonlarini ko‘zdan kechirdilar. Ular tomonidan kamida 5 ming gektar bo‘sh maydonda pistaning yangi, serhosil navini ekish rejalashtirilmoqda. O‘simlik kichik bo‘yli bo‘ladi va aynan shu jihati cho‘l hududiga mos keladi. Ko‘chat Erondan olib kelinadi va pistazorlar to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi.

O‘rganish davomida hududdagi foydalanilmayotgan 20 ming gektar cho‘l-dasht yer maydonlarining tuproq unumdorligi hamda mavjud suv manbalari ko‘zdan kechirildi. Eronlik mutaxassislar tuproq va suv namunalarini tahlil qilib, ijobiy xulosaga kelishgan. Endilikda shunga mos serhosil, eksportbop navlar tanlab olinadi. Hozirda jarayonlar nihoyasiga yetay deb qoldi.

Shu bilan birga, mazkur loyiha kelgusida respublikamizning pista yetishtirish uchun qulay bo‘lgan hududlar maydonini kengaytirish va cho‘l hududlarini o‘zlashtirish imkonini beradi. Eng muhimi ilm bilan amaliyot uyg‘unlashgan ushbu tajriba ulkan iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA