“Cho‘g‘ ustida raqs”
Odam bolasining o‘sib, ulg‘ayishigacha bo‘lgan davr – hayot so‘qmoqlari turlicha kechadi. Kimdir tekis va ravon yo‘ldan, kimdir o‘nqir-cho‘nqirlardan o‘tib, o‘zligini topadi, ulg‘ayadi. Adabiyot osmonida Yo‘lchi yulduzga aylangan ko‘plab ijodkorlarning umr yo‘li ana shunday hayot falsafasiga ko‘ra davrlarga bo‘lingan. Ammo oddiy ko‘z bilan buni anglab bo‘lmaydi. Ularning asarlarini mutolaa qilgan kishi ijodkorning yoshlik yoki kamolot davrida bitilgan ijod mahsuli ekanligini birda anglab yetadi.
Taniqli shoira, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, “Shuhrat” medali sohibasi Guljamol Asqarovaning “Cho‘g‘ ustida raqs” kitobi ham hayot sinovlarida toblangan ijodkorning kamolotga yetgan davrining ilk xulosalaridan biri deyish mumkin. Kitob aynan shunday nomlanishining boshqa sabablari ham bormi, degan savolga Samarqandda shoira bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda batafsil javob berildi.
Samarqand davlat pedagogika institutida “Yoshlar bilan uchrashuv” loyihasi doirasida Guljamol Asqarovaning “Cho‘g‘ ustida raqs” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston xalq shoirasi Xosiyat Bobomurodova hamda samarqandlik ijodkorlar, institut talabalari ishtirok etdi.
Institut rektori Gulzoda Negmatova “Yoshlar bilan uchrashuv” loyihasi talabalarning qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish, iste’dodlarni kashf etishda alohida ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidlab, ijodkorlar bilan o‘tkazilayotgan muloqotlar adabiyotga ixlosmand yoshlar kamolotida muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
[gallery-29114]
Ijodkorlar bunday adabiy kechalar kitobxon va ijod ahli uchun ham birdek manfaatli ekanligini ta’kidlab, ayni jarayonlar orqali xalqning dardi, o‘y-fikrlari, orzu istaklari, bugungi kunidan shukronasi badiiy asarlarga ko‘chishini bayon etdi.
– She’rlarimda ham qayta-qayta takrorlaganimdek, Samarqand yagona va doimo unga talpinib yashaymiz, – deydi shoira Guljamol Asqarova. – Bugungi muloqotimiz ham samimiy, Samarqandga xos badiiy saviyada o‘tdi. Aslida adabiyot hayot mezoni. Hech bir soha adabiyotdan ayro bo‘lmasligi kerak. Inson adabiyot orqali ichki kechinmalarini teran his etadi, ruhiy holatini mo‘’tadillashtiradi. Shuning uchun ham adabiyot inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Bugun ham berilgan savollar, yoshlarning munosabati orqali bunga yana bir amin bo‘ldik. Uchrashuvga yig‘ilganlar diydorga, suhbatga to‘ymadik. Bu ijodkorlar ham, adabiyot ixlosmandlari ham mana shunday adabiy kechalarni sog‘inib qolganligidan dalolat. Taqdim etgan yangi kitobimizda jamlangan ijod mahsullarimiz ushbu kemtiklarni to‘ldiradi, deb o‘ylayman.
Uchrashuv samimiy muloqot tarzida o‘tkazilib, mushoiralardan tashqari adabiyot, she’riyat haqidagi qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.
– Adabiyotga bo‘lgan qiziqish meni ushbu oliy ta’lim maskaniga yetakladi, – deydi Samarqand davlat pedagogika instituti talabasi Rushana Olimova. – Guljamol Asqarovaning ijodini kuzatib boraman. Shoiraning she’rlarini o‘z kechinmalarim bayon qilingandek his etib o‘qiyman. Bugun u kishi bilan ko‘rishish barobarida Guljamol opaning eng go‘zal she’rlaridan birini o‘qidim. Shoiraning adabiyot, badiiy ijod haqidagi fikrlari barchamizga ijodiy kuch, madad berdi desam yanglishmayman.
Tadbir doirasida ijodkorlar institutda tashkil qilingan “Ma’naviy barkamollik markazi” ochilishida qatnashdi. Ushbu markaz talaba qizlar o‘rtasida ma’naviy muhitni yaxshilash, ularning ijodiy intilishlarini rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.
Shoira ishtirokidagi “Cho‘g‘ ustida raqs” kitobi taqdimotlari Kattaqo‘rg‘on shahrida hamda Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida ham o‘tkazildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari