Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy ham, Usmonim Vatan.!!!
Vatan soʻzi atigi besh harfdan iborat.
Vatan soʻzi atigi besh harfdan iborat. Lekin zamirida olam-olam tuygʻular mujassam. Unda millat, qadriyatlar yashaydi. Vatan – onamizdek moʻtabar. Shu bois undan uzoqlashishimiz hamono darhol qoʻmsaymiz, bir muddat olisda boʻlsak, tuprogʻini koʻzimizga toʻtiyo qilgimiz keladi.
Chet eldagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan Oʻzbekiston farzandlari qalbidan ham ana shunday tuygʻular kechayotgani aniq. Ulardan biri soʻlim Fargʻonaning Quva tumanidan Germaniyaga oʻqishga borgan Jahongir Mirzodir. U hozir Frankfurt shahrida yashaydi. Yoshi 25 da. Giyessendagi taʼlim dargohida ilm olyapti. Yaqinda Germaniyada qolib ketgan bir keksa vatandoshimiz bilan uchrashib qolib, oʻsha insonning xonadonida mehmon boʻlibdi. Xorijdagi vatandoshimiz Oʻzbekistonni shunchalar sogʻingan ekanki, koʻzlaridan duv-duv yosh oqa boshlabdi. Dunyodagi hech bir zavq unib-oʻsgan vodiyimning, Fargʻonamning sogʻinchini bosolmaydi, debdi u.
Yoki ulugʻ bobomiz Abduxoliq Gʻijduvoniy nomi bilan ataluvchi tumandagi Quyi Saydon qishlogʻidan borgan yana bir hamyurtimiz Xushidjon Qodirovni olaylik. U hamisha ota-onasi va ukasining hayoti haqida qaygʻuradi. Nemis tilini mukammal oʻzlashtirgani meni lol qoldirdi. “Kechalari ona shahrim Gʻijduvon tushlarimga kiradi, uning mashhur kaboblarini yevropoliklarga ham qilib koʻrsatdim”, deydi Xurshidjon. U minglab ota-bobolarimiz qoni toʻkilgan Berlinda yashaydi. Kuni kecha 21 yoshga kirdi. Umidlari haqida shunday toʻlqinlanib gapiradiki, odam havas qiladi. Bu yoshlarning maroqli suhbatlarini tinglab, beixtiyor koʻzga sevinch yoshlari keladi. Demak, Vatan, ona Oʻzbekiston ishonchli qoʻllarda. Uning ertangi kuni yana-da porloq.
Zero, Oʻzbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid yozganidek:
Ne tong edi iztiroblar zahrini totding,
Dasturxonda mustar qopti, qandu novoting.
Abadiyot erur asli, adabiyoting,
Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy ham, Usmonim Vatan.!!!
Oʻzbekiston ibrat koʻrsatdi!
Vatanni faqat yaxshi kunidagina sevgan odamni vatanparvar deb boʻlmaydi. Mana, hozirgiday el boshiga ish tushgan damlarda xalqimizning jipsligi, yurtga daxldorlik hissi yaqqol namoyon boʻlmoqda. Kimlardir yon-atrofidagilarga xayr-saxovat koʻrsatish, kimlardir muhtojlarga beminnat yordam berish va yana kimlardir pandemiya sharoitida xizmat vazifasini vijdonan bajarish bilan fuqarolik burchini oqlayapti.
Davlatimiz rahbari esa el-yurtga baholi qudrat gʻamxoʻrlik qilish barobarida, qoʻshni va yaqin hamkor mamlakatlarga ham begʻaraz yordam qoʻlini choʻzayotir.
Ayniqsa xitoyliklarning eng ogʻir kunlarida Oʻzbekiston xalqi nomidan samolyotlarga ortilgan yuklar Pekinga joʻnatilishi manaman degan davlatlar rahbarlariga ham ibrat boʻlgan esa ne ajab?! Yoki ushbu kasallikdan oʻta jiddiy aziyat chekkan Eron xalqi Oʻzbekistonning gumanitar koʻmagi uchun nihoyatda minnatdor boʻldi.
Jafokash afgʻon eli ham bu boradagi koʻmagimizdan chetda qolmadi. Dinimiz, urf-odatu va qadriyatlarimiz mushtarak Tojikiston xalqiga koʻrsatilgan begʻaraz yordam esa yon qoʻshnilarimizning hayotiga befarq emasligingizni yana bir bor koʻrsatdi. Birodar qirgʻiz xalqi ham shunday sinovli kunlardagi ezguliklarimiz uchun rahmat aytishdi.
Dunyo tojdor virus keng tarqalayotgan kezlarda chegaralarini yopar ekan, Oʻzbekiston oʻz farzandlarini musofir yurtlarda qoldirmadi. Shu maʼnoda, minglab vatandoshlarimizni Vatanga olib kelib, karantinda saqlash, ularga barcha shart-sharoitlarni yaratishning oʻzi qaysidir maʼnoda qahramonlik emasmi?
Bundan tashqari, joylarda bunyod etilayotgan 10 minglab oʻrinli kasalxonalar, yurtdoshlarimizga berilayotgan imtiyozlar, davlat tomonidan aholining ijtimoiy muhofaza qilinishi, bularning barchasi insonparvarlik siyosatimiz namunasidir.
Surxon vohasi — Vatanimizning janubiy ostonasi. Hudud keyingi uch yilda mutlaqo yangi qiyofaga ega boʻlmoqda. Bu yerda odamlarning oʻtkir muammolari bosqichma-bosqich oʻz yechimini topayotir.
Mana, yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qarorga koʻra, Denov tumani, shuningdek mazkur hudud markazi hisoblangan qadimiy shaharni tubdan qayta qurish, kompleks rivojlantirishga 3 trlion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Albatta, ushbu ezgu ish denovliklarni juda xursand qildi. Negaki, nomi yetti iqlimga ketgan bu shahar soʻnggi paytlarda chindanam munkayib qolgandi.
Koʻchalari tor, qadimiy inshootlari nuragan, shaharni kesib oʻtuvchi ariq taʼmirga muhtoj edi. Sharqu Gʻarbda eʼzozlangan mashhur bozorlari esa bugungi kun talabiga umuman javob bermay qolgandi.
Esimda, bir necha yil oldin Toshkentda yashovchi tanishim qoʻngʻiroq qilib, Tojikiston chegarasida turganligini, biron soatda yetib borishini aytdi. Uydan chiqib, uchrashuv manzili sari otlanganimda, yana qoʻngʻiroq boʻldi. Aytilgan joydaman, mashinamdagi qurilma shu yerni shahar markazi deb koʻrsatayapti, adashdimmikan, bu joylar umuman markazga oʻxshamaydi-ku, deganida etim jimirlab ketdi. Ammo sir boy bermay bordim. Mehmon nahotki Denov degan shahar shu yer boʻlsa, deb ajablanib oʻtirgan ekan. Yonida chet ellik sheriklariyam bor ekan. Shaharning abgorligini koʻrib, apil-tapil choy ichishdi-yu, xayr-maʼzurniyam nasiya qilib Shahrisabzga joʻnab qolishdi. Aslida bunday hijolatchilikka avval ham tushgandik.
Qoʻshni mamlakatlar bilan bordi-keldi aloqalari jonlangan payt Chiptura degan joydan mehmon keldi. Ularni bozor atrofiga olib bordim. Tomosha qilishdi. Bozordan chiqayotganlarida madrasaga koʻzlari tushib, shu qadimiy obidani koʻramiz, deb turib olishdi. Yuragim shuv etdi. Chunki, madrasaning ahvolini yaxshi bilardim. Qarang, Denovning 400-500-yillik tarixidan soʻylovchi muqaddas qadamjo qanchalar xarob va gʻarib..... Axir XV asrning oxiri, XVI asr boshlarida bunyod etilgan ushbu majmua Denovga koʻzgu-ku! Chamamda, bu holat ularga ham yomon taʼsir qildi.
Maktabda oʻqib yurgan paytlarimizda raykom, kolxoz va komsomol degan katta-katta joylardan topshiriq boʻlib, Said Otaliq madrasasini taʼmirlashga bir necha bor pul yigʻilgani yodimda qolgan. Lekin arzirli ish qilinmadi. Vaholanki, Denov tarixida ozmuncha birinchi rahbarlar ishlab ketdimi?! Ularning baʼzilari hatto qariyb uch ming yillik tarixga ega tumanni boshqarayotganligini ham anglab yetmadilar?! Tarixchi olimlar Bahodir Turgʻunov, yaponiyalik qadimshunos Kyudzo Kato, filologiya fanlari nomzodi, ustoz Toshtemir Turdiyevlarning katta xizmatlari bilan Denov tarixidan koʻpchilik ogoh boʻldi. Ayniqsa, Firdavsiyning mashhur “Shohnoma” asari dastlabki boblari hozir biz istiqomat qilayotgan Denov oʻrnidagi Chagʻoniyon davlatida yozilganini hali koʻpchilik bilmaydi.
Demak, Prezident qarori tumaning yangi qirralarini ochishda ham muhim hujjatdir. Shuningdek, tumanda suv-komunikatsiya tizimini tubdan yangilash ishlari davr talabiga aylanganiga ancha boʻlgan. Maktabgacha taʼlim, umum oʻrta talim tizimi islohotlariga ham qarorda alohida etibor berilibdi. Iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tomonidan 50 milliard soʻmlik mablagʻ ana shu tizimlardagi muammolarni yaxshilashga qaratilgan.
Osmonoʻpar inshootlar, yoʻlu koʻpriklar, zamonaviy bozor qurilishi singari 550 dan ziyod loyihalar ustida qizgʻin ish olib boriladi.
Butun musulmon olamida maʼlumu mashhur boʻlgan Hoja Alauddin Attor Valiy hazratlari maqbarasi, Said otaliq madrasasini tubdan tamirlash ishlari ham koʻzda tutilgan qarorda.
Demak, hademay Vatanimiz yana bir manzili obod qiyofa kasb etadi. Yana bir hudud ahlining oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashiga erishiladi...