“Choʻl kema”lari soni koʻpayadi
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida “MILKY PLANET” chorvachilik va naslchilikka ixtisoslashgan agrofirmaning faoliyat koʻrsatayotganiga toʻrt yildan oshdi.
Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida “MILKY PLANET” chorvachilik va naslchilikka ixtisoslashgan agrofirmaning faoliyat koʻrsatayotganiga toʻrt yildan oshdi.
Ayni paytda mazkur agrofirma rahbari Gʻulomjon Sodiqovning saʼy-harakatlari bilan Germaniyadan keltirilgan 800 bosh golshteyn va semental naslli qoramol, 15 bosh zotdor axaltekin va qorabayir oti, 6 bosh ikki oʻrkachli tuya parvarishlanmoqda.
Qariyb 7 gektar maydonga ega agrofirmadagi barcha yumush avtomatlashtirilgan tizimda tashkil etilgan, 30 kishi ish bilan taʼminlangan. Shuningdek, 320 gektar maydonga ozuqa ekinlari ekilgan.
– Bu yerda parvarishlanayotgan zotdor sigirlarning har biri 10-20 litrgacha sut beradi, baʼzi sigirlardan esa 44 litrgacha sut olish mumkin, – deydi ish boshqaruvchi Doniyor Abdiyev. – Bu boradagi ishlarimiz tizimli asosda yoʻlga qoʻyilgan. Beozor, mayin tukli, xalqimiz tilida “choʻl kemasi” deb nom olgan tuyalarga qatʼiy tartib asosida ozuqa beriladi. Tuya sutining inson organizmiga foydasi va turli xastaliklarga davoligini hisobga olib, kelgusida ularning sonini koʻpaytirishga harakat qilayapmiz.
Maxsus avtomatlashtirilgan tizimga asoslangan sogʻish jarayonlari zamonaviy moslamalar yordamida amalga oshirilib, 3-3,5 tonnalik sisternalar orqali toza, vitaminlarga boy sut buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Kelgusida ish oʻrinlarini yana-da koʻpaytirish, nasldor qoramollar sonini oshirish uchun yangi chorvachilik majmualarini qurish boshlangan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, agrofirmaning asosiy maqsadi aholiga naslli qoramol, ot va tuya yetkazib berish bilan birga, xalqimizni sifatli goʻsht va sut mahsulotlari bilan taʼminlashdir.