Chiqindilarni qayta ishlash dolzarv vazifa
Toshkent viloyati hududida maishiy xo‘jalik va ishlab chiqarish oqova suvlarini biologik yo‘l bilan tozalashga mo‘ljallangan “Toshvilsuvoqova” AJ ga qarashli 7 ta tozalash inshootlari mavjud.
Ularning quvvati bir kunda 238,9 ming kub metr oqova suvni tozalashga mo‘ljallangan.
Biroq mazkur inshootlar manan eskirgan bo‘lib, suvni tozalash samaradorligi juda past, ayrimlarida oqova suv tozalanmagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq havzalariga chiqarilgan. Shu sababli joylarda ishlash samaradorligini muntazam ravishda nazorat qilish uchun viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga qarashli bo‘lgan Atrof-muhitni monitoring qilish bo‘limi tomonidan har chorakda laboratoriya tahlillari olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunining 28-moddasi va “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 113-moddasi bo‘yicha joriy yilning birinchi yarimida hududdagi 411 ta ifloslantiruvchi manbalar tekshirilib, 43 ta holatda ifloslantiruvchi manbalar me’yordan yuqoriligi aniqlangan.
Bundan tashqari, 380 ta korxona va tashkilotga ogohlantirish ko‘rsatmalari berilgan. Shundan hozirgi kunda 48 ta korxonalar tomonidan 2020-2021 yillarda lokal oqova tozalash inshootlari qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Jumladan, korxonalar tomonidan mexanik usulda oqova suv tozalash inshootini qurish, oqova suvlarni zararsizlantirish va ochiq joy relefiga chiqarish maqsadida qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Hozir viloyatda 19 ta maishiy chiqindi poligonlari mavjud bo‘lib, o‘tgan davrda bir necha million tonnadan ortiq chiqindi to‘plangan. Joriy yilning ikkinchi choragida joylardagi 32 ta chiqindini qayta ishlash korxonalari tomonidan 39 ming 926,30 tonna maishiy chiqindi hamda 95 ming 300 tonna sanoat chiqindilari qayta ishlangan. Ayniqsa, hududlardagi korxona va tashkilotlardan hosil bo‘lgan yaroqsiz 3 303 dona simobli lampalarni demerkurizatsiya qilingan, 374,28 tonna yaroqsiz texnik moylar qayta ishlangan.
Bundan tashqari, yuridik shaxslar bilan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha tegishli shartnomalar tuzilib sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
A.Musayev,O‘zA