Chiqindilarni boshqarishda sifat nazorati kuchaytirilmoqda
So‘nggi yillarda chiqindilarni boshqarish sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, aholiga sifatli sanitar tozalash xizmati ko‘rsatish yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, sanitar tozalash korxonalari tomonidan aholi va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni belgilangan tartib va me’yorlarga muvofiq bajarilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.
Nazorat ishlari va baholash mezonlari
Hozirda sanitar tozalash xizmati sifati ayrim davlat idoralari tomonidan o‘rganilmoqda. Biroq bu jarayonda me’yorlarga to‘liq amal qilinmayotgan holatlar kuzatilmoqda. Xususan, mahallalarda so‘rovnomalar o‘tkazish, xizmat ko‘rsatilmagan hollarda “mahalla yettiligi” va iste’molchilar ishtirokida dalolatnomalar rasmiylashtirish talab qilinsa-da, ba’zi hollarda bu jarayon to‘liq bajarilmasdan baholanmoqda. Bu esa keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Mavjud muammolarni hal etish maqsadida agentlik Respublika ishchi guruhini tashkil etib, hududlarda xizmat sifati bo‘yicha doimiy tekshiruvlar o‘tkazmoqda. Agar xizmatlar o‘z vaqtida va talab darajasida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, abonentlar foydasiga qayta hisob-kitob amalga oshirilmoqda. Shuningdek, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz yondashgan sanitar tozalash korxonalari bilan tuzilgan bitimlar bekor qilinmoqda.
Masalan, Navoiy viloyatida xizmat sifatini ta’minlay olmagan “Berejlivost” sanitar tozalash korxonasi bilan tuzilgan bitim bekor qilinib, hudud hamda maxsus texnikalar qaytarib olindi. Shuningdek, Toshkent viloyatida ham abonentlarga tegishli darajada xizmat ko‘rsatmagan sanitar tozalash korxonasi bilan shartnoma bekor qilinishi ko‘rib chiqilmoqda.
Yangi elektron tizim va avtomatlashtirilgan nazorat
Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Chiqindilarni boshqarish agentligi bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yangi — “Toza makon” elektron billing tizimi joriy etildi.
Bu tizim doirasida chiqindi tashishga ixtisoslashtirilgan barcha maxsus texnikalar “Toza makon” GPS elektron kuzatuv tizimiga ulanib, onlayn monitoring imkoniyati yaratildi. Hozirda 3 mingdan ortiq maxsus texnika mazkur tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, Jizzax viloyatida sinov tariqasida faoliyat boshladi.
Shuningdek, Respublika bo‘yicha 9 mingdan ortiq mahalla va 3 mingga yaqin ko‘p qavatli uylar uchun qurilgan chiqindi yig‘ish shoxobchalarining aniq geografik joylashuvi va kadastr ma’lumotlari shakllantirilmoqda.
Ushbu yangiliklar orqali maxsus texnikalarning chiqindi yig‘ish maydonchalariga kirish-chiqish vaqtlari aniq hisoblab boriladi. Natijada qattiq maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilishi ta’minlanadi hamda aholi faqat amalga oshirilgan xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA