Chingizxon Buxoro shahriga nega o‘t qo‘ygan edi?
Vatanimiz tarixidagi 16 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1220 yil (bundan 801 yil oldin) – o‘rta asr tarixchisi Juzjoniyning qayd etishicha, mo‘g‘ullar Buxoroni egalladi (ayrim manba va adabiyotlarda Buxoroning 10 fevral sanasida egallangani qayd etilgan). Shahar hali butunlay taslim bo‘lmagan edi. Go‘rxon boshliq 400 mudofaachilar qamalga olingan Buxoro arkida 12 kun davomida mo‘g‘ullarga qarshi qahramonona kurash olib bordi. Mo‘g‘ullar arkni zabt etish uchun barcha tadbirlarni qo‘llab ko‘rdi. Lekin hammasi bekorga ketdi. Qal’a ichidagi barcha chuqurlar odam va hayvon mayitlari bilan to‘lib-toshgandan, qahramonlar jonlarini fido qilganlaridan keyingina ularning qarorgohi zabt etildi.
Akademik Abdulahad Muhammadjonovning yozishicha, bu jasoratli qarshilik uchun shahar aholisidan 30 mingdan ziyodroq kishi qurbon qilindi, qolganlari esa tabaqalariga qaramay qul qilindi. Movarounnahrning qadimiy markazlaridan hisoblangan Buxoro talon-toroj etildi. Shaharning zebi-ziynatlariga sahroyilar vahshiyona hirs bilan tashlandilar.
Buxoro qismatiga tushgan vahshiyona shafqatsizlik va nomussizlik manzarasiga chiday olmagan qozi Badruddin, Imomzoda Ruknuddin va uning o‘g‘li g‘azablanib, o‘zlariga teng bo‘lmagan yarog‘li dushmanga hujum qilib, halokat topdilar. Shunga qaramasdan, mo‘g‘ullar qilichidan omon qolib, shaharga yashiringan sulton askarlari o‘zlarining tungi hujumlari bilan Chingizxonni bezor qildilar.
Mo‘g‘ullar xoqoni bunday tungi jangchilarni ushlab berishni shahar ahlidan talab qildi. Ammo buxoroliklar g‘olibning buyrug‘ini bajarmay, ularni asrab turdilar va tungi hujumlariga yordam berdilar. Shundan keyin Chingizxon nihoyatda g‘azablanib, shaharga o‘t qo‘yib, uni yondirib yuborishga amr qildi. Aksari sinchli imoratlardan iborat bo‘lgan Buxoro bir necha kun davomida tag-tugiga qadar yonib kulga aylandi. Faqat tosh va pishiq g‘ishtlardan qurilgan masjid va saroylargina bu kultepa ichida qora tosh kabi do‘ppayib qoladi.
1425 yil (bundan 596 yil oldin) – Movarounnahrni idora qilayotgan Mirzo Ulug‘bek Mo‘g‘ulistonga qarshi yurish boshladi. Temuriylar hukmdori, otasi Shohrux Mirzo bu yurishni to‘xtatish maqsadida ikki marta Ulug‘bek Mirzoga elchilar yubordi. Ammo Ulug‘bek Mirzo elchilarga javobda yurish haqidagi farmon allaqachon ovoza bo‘lgani, agar endilikda yurish to‘xtatilsa, dushman bizni kuchsiz ekan, deb gumon qilishi mumkin ekanligini bahona qilib, yurishni davom ettirdi.
1865 yil (bundan 156 yil oldin) – Qo‘qon xonligining bosh qo‘mondoni – amiri lashkar Alimquli rus bosqiniga qarshi kurashda yordam berishni so‘rab turk sultoniga elchi yuborgani haqida Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Peterburgga ma’lum qildi.
1963 yil (bundan 58 yil oldin) – O‘zbekistonning sharqiy qismida joylashgan Sirdaryo viloyati tashkil etildi.
1997 yil (bundan 24 yil oldin) – Alisher Navoiy nomli Davlat akademik Katta opera va balet teatrida “Nasriddinning qiliqlari” birinchi milliy komik balet premerasi bo‘lib o‘tdi.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi