Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Aykaduning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
NIMA QILSAM QUYOSh SO‘NMAYDI, DADA?
Daysaku Ikeda: – Bolaligimda boshdan kechirgan eng g‘aroyib tuyg‘u – bu kitob bilan bog‘liqdir. Atrof, olam qanchalik o‘tkir idrok etilsa, u yosh ong va qalbga shunchalik g‘ayrishuuriy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, hissiy tajriba hosil bo‘ladi. Umuman olganda, qayd etib o‘tishim kerakki, o‘qish jarayoni faqatgina bilimni kengaytirmaydi, balki ruhiy yangilanish tufayli chuqur hayajon hissini hosil qiladi.
Chingiz Aytmatov: – Suhbatimiz boshida aynan shu mavzuni o‘rtaga tashlaganingizdan bag‘oyat mamnunman. Bolalik kitobi va uning inson taqdiriga ahamiyati, u birinchi kitobni – butun borlig‘i bilan qabul qilgan birinchi so‘zni qanday kutib olishiga juda bog‘liq.
Ushbu lahzaning o‘zida menimcha, asosiy kashfiyot – biz ostonasida turgan o‘zga hayotni his etish hodisasi sodir bo‘ladi. Undan o‘tishga tayyormizmi? Tanlov muammosi, insoniy mavjudlik dramasi mohiyati tanlov yuz bergan lahzadan boshlab har bir odamni muqarrar ravishda ta’qib etadi.
Bolalik va o‘smirlik davrlarida kitob o‘qiyotib, qanday orzularga berilganini, tasavvuri o‘t olib, o‘y-xayollar qurshovida yurganini hech kim unutolmasa kerak va... o‘sha taassurotlar qanday qilib real voqeliklar bilan solishtirildi, undagi alam va qo‘rquv, hiyla va adovat, vayronagarchilik va go‘zal dunyolarni yakson qilish – eh, bular bari xomxayol bo‘lib qoldi. Ammo, hatto shunday yog‘du oldida ham birinchi kitoblarning nuri xira tortmadi, ular tufayli tug‘ilgan yuksak orzular changday to‘zib ketmadi. Ularning kuchi va sehri shu qadar cheksizki, bir umrga saqlanib qoldi.
Ikeda: – Siz, albatta, buyuk kitoblarni nazarda tutayapsiz. Ayting-chi, unday kitoblar ko‘pmi, va eng achinarlisi, ular hamisha ham bolalarimiz qo‘liga yetib boradimi?
Ch.Aytmatov: – Ushbu muammoning bir necha tomonlari mavjud. Aslini qalbakidan ajrata olmaslik va ko‘pincha shunchaki, kerakli kitobni topa olmaslik. Shu bois xayollarimga erk beraman. Nega endi, Xalqaro kitoblar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etishni kechiktirmagan holda, deylik, dunyoning istalgan mamlakatidagilar obuna bo‘lishlari uchun, xalqaro bolalar va o‘smirlar jahon adabiyoti Kutubxonasi nashriga urinib ko‘rmasligimiz kerak?
Ikeda: – Bunday g‘oyani har qanaqasiga faqat olqishlashim mumkin. Siz bilan hamfikrmiz. Ayni shu maqsadda biz Parijda Viktor Gyugo adabiy memorial yodgorligini yaratdik. Yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni aniq va ravshan tasvirlagan beqiyos fransuz romantikasi kabi asarlar juda oz. Ularda aslo pand-nasihat yo‘q, yaxshini taqdirlab, yomonni jazolash haqida nutq so‘zlanmaydi.
O‘smirlik va yoshlik yillarimda Gyugoning ijodini nihoyatda yaxshi ko‘rib o‘qirdim. Hozir ham o‘sha kitoblardan ko‘plab sahnalar ko‘z o‘ngimdan xuddi kaleydoskop kabi o‘tib turadi. Masalan, «Mardudlar»dagi politsiya xodimi Javertday shafqatsiz, muzyurak odam o‘zini Senaga otib, joniga qasd qilishi sahnasi men uchun ramziy ma’noga ega. U xo‘rlangan, haqoratlangan odamlarga hamdard va mehribon Jan Valjanning oldida ma’naviy mag‘lubiyatga uchraydi.
Gyugo yozadi: «U (Javert) zulmatda qandaydir ma’naviy quyoshning vahimali balqib chiqqanini ko‘rgandi; bu uni dahshatga soldi va ko‘r qilib qo‘ydi. Boyqush burgutning ko‘zlari bilan boqishga majbur bo‘ldi».
Axloq nurini yovuz kuchlarning qora bulutlari qoplab olsa, butun dunyo zulmat qa’riga g‘arq bo‘ladi. XX asr hamma joyda buning mudhish belgilarini namoyish qilmoqda, shunday ekan, ular yangi ming yillikning ostonasida turgan insoniyatni chetlab o‘tishi mumkin emas.
Aynan shuning uchun ham Gyugoni imkon qadar ko‘p o‘qish kerak. Orzusini yo‘qotib qo‘ygan bugungi odam Gyugoning asarlarini zamonga mos emas, «urfdan qolgan», deb hisoblashga moyil. Ammo bu noto‘g‘ri. Yana o‘sha tasvirga, «ma’naviy quyosh»ga qaytib aytish mumkinki, zamonaviy odam, quyosh haddan ziyod yorug‘ligi uchun uning nurlarini ayblamoqda. Viktor Gyugoning baquvvat poetik ruhi esa har turli shubhalardan tashqari, nafas olishda davom etayotir.
Aytilgan gaplarga qo‘shimcha ravishda yana bir narsani ta’kidlab o‘tmoqchiman: kattaroq avlod, faqat ruhiyatidan mahrum bo‘lgani uchun yoshlarning kurtak otayotgan dadil intilishlarini oyoq osti qilishiga, bu bilan ularning ijodiy quvvati bulog‘ini quritishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Endi ish to‘g‘risida gaplashsak. Loyihaning amaliy ro‘yobini, siz, o‘zingiz qanday ko‘rasiz? Ishni nimadan boshlash kerak, deb o‘ylaysiz?
Ch.Aytmatov: – YUNESKO rahnamoligidagi loyihamiz atrofida dunyoning eng yaxshi bolalar va o‘smirlar yozuvchilarini birlashtirmay, turli mamlakatlar atoqli yozuvchilarining eng yaxshi kitoblarini o‘z ichiga olgan istiqbolli rejani muvofiqlashtirmay va albatta, faol ishchilar guruhini tashkil etmay turib ish oldinga siljimaydi. Umuman olganda, tashkiliy muammolar talaygina. Ammo barchasini hal qilsa bo‘ladi, chunki bu aslida hayotini bolalarga bag‘ishlagan «idealistlar», fidoyilar va xolislar uyushmasidir.
Ikeda: – O‘zingizni nima qiziqtirishini tushuntirib berolasizmi?
Ch.Aytmatov: – Bolalarni to‘g‘ri tarbiyalash. Bolalar tinimsiz savol berib, charchashadi, ayniqsa, ularga javob topib berolmasangiz. Ayrim ota-onalarga, bola ularni ataylab boshi berk ko‘chaga tiqayotganday tuyiladi. Bunday o‘y bilan asabiylashmay bo‘ladimi? Hayotdan zerikkan va charchagan kattalar uchun bolalari o‘ylamasa, yaxshiroqday. Ammo bu fojia-ku! Shunchalik katta fojiaki, ta’riflashga til ojiz. Bolalikda tabiatning beqiyos sovg‘asi – hayrat va anglashni boy bergan odam kelajakda zerikarli umrguzaronlikka mahkumdir. Uning yozmishi – mazmunsizlik, zerikish, ishonchsizlik.
Ikeda: – Fikringizga to‘la qo‘shilaman. Shuningdek, jahon bolalar va o‘smirlar Kutubxonasi dasturi ko‘rib chiqilayotganda, atoqli odamlar o‘quv doirasini kuzatib borish ham foydali ekaniga ishonaman.
Ch.Aytmatov: – Lev Nikolayevich Tolstoy yoshi bir joyga yetganda, bolalikdan boshlab, o‘smirlik, yoshlik va keyingi o‘n yillikda (har o‘n yillikni u o‘z tarjimai holida muhim bir bosqich, deb hisoblagan) o‘qigani, o‘zida kuchli taassurot qoldirgan va bir umrga hal qiluvchi rol o‘ynagan kitoblar ro‘yxatini tuzgan. Aqlni shoshiradigan ro‘yxat! Ko‘rinib turibdiki, erta yoshligida uni Russo, Shopengauer kabilarning falsafiy asarlari o‘ziga jalb etgan, ammo ularni tushunish oson emasdi va bundan tashqari, fikrimizcha, o‘spirin uchun unchalik qiziq ham bo‘lmagan. Ancha keyingi ro‘yxatlarda esa... ertaklarni ko‘ramiz. Men beixtiyor «hayratlanib» gapirmoqchi edim, lekin mantiqan o‘ylaganda, to‘g‘ridek ko‘ringan narsalardan hayratlanishga chek qo‘yishning vaqti allaqachon yetmadimikan?
Ikeda: – Ha, lekin hozirgi oddiy o‘smir, umuman olganda, ma’naviy qadriyatlar butkul beqaror qalqib turgan, unchalik madaniy bo‘lmagan muhitda yashayotgani haqida nima deyish mumkin? Boz ustiga, achinarli tomoni shundaki, «iste’molchilar jamiyati» yoki yana allakimlar didni aynituvchi, hayot haqida noto‘g‘ri g‘oyalarni singdiruvchi xom asarlarni o‘qishga majbur qiladilar, – yana o‘sha «qulaylik», chunki bola kichikligidan ibtidoiy tuyg‘ular va fikrlar bilan ulg‘aysa, uni boshqarish oson kechadi.
Ch.Aytmatov: – Afsuski, butkul haqsiz. Adabiyotda «yaxshi va yomon»ni tanib olish uchun odamga ko‘p vaqt, ba’zan yillar kerak bo‘ladi. Bir qarashda juda oddiy tuyuladi, lekin xatboshidan boshlab, so‘zlar tarkibini, iboralar tuzilishini va eng muhimi – unda yashiringan ma’noni, sizni bu yog‘iga nima kutayotganini va umuman, shu kitob o‘zi o‘qishga arzish-arzimasligini bilish uchun qancha kuch talab etiladi?
Kim bilsin, qancha vaqt siyqa, chaynalgan, bir xil qolipdagi mahsulotlar changalzorida sudralib yurishga to‘g‘ri kelarkan! Yoshlar bu changalzorda uzoq vaqt adashib yurmasliklarini, didaktika, ritorika, yalang‘och deklarativlik botqog‘iga botib qolmasliklarini istayman. Ammo buni qanday eplash mumkin? Yaxshi tushunaman, mening xushchaqchaq idilliyalarim hamisha ham hayotiy emas... Men yoshlarni qanday qilib yaxshi o‘quvchi bo‘lishga o‘rgatish haqida qayg‘uraman. Gyotening so‘zlarini eslayman va shu ulug‘ yoshimda ham qo‘rqmay tan olamanki, u – Gyote! Shunday qilib, o‘ylayman: o‘qish, o‘rganish – nima o‘zi?
Ikeda: – Pol Valeri Gyote haqida aytganidek, uni hayratda qoldiradigan narsa, bu – uning uzoq umr ko‘rishi. Xo‘sh, buni bizning mavzumiz – o‘qish san’atiga qanday aloqasi bor? To‘g‘ridan-to‘g‘ri! «Uzoq umr ko‘rish», deganda Valeri aslo yashalgan yillar hisobini nazarda tutmagan. Gap tiriklik yillari davomida orttirilgan ma’naviy yetuklik, tasavvur kuchi haqida. Buning uchun insonni yoshlikda boshqalardan ajratib turadigan yurak quvvatini – entropiya qonuniga zid ravishda – umrbod saqlab qolish kerak. Bu yozuvchi bilan o‘quvchiga birday tegishlidir. Yaxshi o‘quvchi bo‘lish ham yaxshi yozuvchi bo‘lishday gap, – bu har bir shaxs ko‘tarilishi lozim bo‘lgan ma’naviy yuksaklikning sinonimi. Ustozim Toda-Sensi: «Kitob o‘qiyotganda, kitob sizni o‘qishiga yo‘l qo‘ymang», deb takrorlashdan hech charchamasdi.
Buning uchun tasavvur kuchi inson tabiatining tug‘ma mulki bo‘lishi shart emas. Birida – ko‘proq, ikkinchisida – kamroq, uchinchisida...
Ana shu «uchinchi» toifa– taqlid qilishga majbur, yalang‘och jinsiy munosabatlar yoki shafqatsizlik, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi adabiyotlarni o‘qishni afzal biladigan (albatta, fahmiga bormay turib, ular shunday tarbiyalangan), mohiyatan, asosiy maqsad va istagiga erishish uchun har qanday to‘siqlarni yanchib tashlaydigan «kuchli» qahramon Supermenga o‘rnak sifatida qaraydiganlar meni tashvishga soladi.
Ch.Aytmatov: – Meni ham. To‘g‘ri, kechagi qashshoq, siyosiy ruhdagi adabiyotga yoshlar orasida talab ko‘p emas. Ularning rangi o‘chdi. Yoshlar pand-nasihatni ham, deklaratsiyani ham, soxta nekbinlikni ham qabul qilmay qo‘ydi. Bu yaxshi.
Ammo, eng achinarlisi, bugungi kunda kuzatilayotgan, mubolag‘a qilishdan qo‘rqmayman, siz tilga olgan soxta adabiyot: pornografiya, jismoniy kuchga sig‘inish, mistika va boshqalarga bo‘lgan ommaviy ishtiyoqning mavjudligi.
Sababi kunday ravshan va tushunarli: taqiqlangan meva shirin tuyiladi. Afsuski, bundan vijdonsiz odamlar foydalanib qoladilar, o‘quvchilar bozorini shunday mahsulotlar bilan to‘ldirib, mo‘rt yoshlar ongidagi bo‘shliqqa odamzodda yovvoyi, ibtidoiy instinktlarni uyg‘otuvchi axloqsizlik urug‘larini sochadilar. Shu hamda shu kabi Yovuzliklar abadiy va ko‘p qirrali. Albatta, bizning davrimizda, bu – «so‘z erkinligi», "oshkoralik" kabi "inqilobiy" shiorlar niqobi ostida amalga oshirilmoqda...
Taqiqlash bilan buni hal etib bo‘lmaydi. Aks natija berishi mumkin. Xo‘sh, nima qilish kerak? Nimadir qilish kerakku axir!
Ikeda: – Gyote o‘z davrida soxta estetik diffamatsiya bilan shug‘ullanuvchi badniyat jurnalistikani qattiq qoralagan. U shunday yozadi: «Bu yomon, deyarli hamisha salbiy, tanqid va estetika jurnalistikasi o‘rtamiyona avlod xususiyatlarini ommaga targ‘ib qiladi, ammo iste’dodlilar uchun bu zararli tuman, yuqoridan tushgan zahar, daraxtning ijodiy quvvatini barglarining yashil go‘zalligidan tortib o‘zagiyu, yashirin tomiriga qadar yemirib, yo‘q qiladi» .
Ana shu yerda yozuvchilarning ma’naviy javobgarligi haqida savol tug‘iladi.
Ch.Aytmatov: – Ha. Ammo faqat shuning o‘zigina emas. Har bir oila bolalarini har qanday mafkuraviy tajovuzdan himoya qilishi shart. Boshqacha aytganda, alohida ta’kidlamoqchimanki, bo‘lajak Kutubxona g‘oyasi ota-onalarni tarbiyalash uchundir, zero, bolaning nima o‘qishi ularning saviyasiga bog‘liq.
Ikeda: – Oliy haqiqat va yuksak hayotga havas – bolalikning qonuniy mulki, u sof qalbning butun samimiyati bilan boshdan kechiriladi. Hayot va o‘lim, tiriklikning ma’nosi haqidagi savollar doimiy ta’qib etgan paytlar esingizda bordir? Bu, shubhasiz, insonning psixobiologik tabiatini o‘rganishga bo‘lgan dastlabki talab edi.
Ma’lum ma’noda uni qondirish adabiyotning ham zimmasida, uning vazifasi – savol yordamida odamdagi o‘zi payqamagan qiziqishlarni uyg‘otish, Tolstoychasiga aytganda, hayot sirlariga bo‘lgan muhabbatni yuqdirish. Yoshlar javobga chanqoq. Ammo zamonaviy sivilizatsiya bu chanqovni qondira oladimi yoki yo‘qmi, bu – boshqa masala va shu ma’noda, o‘g‘lingiz Eldorni men hammadan ko‘proq tushunaman va ich-ichimdan his etaman. U siz bilan Yaponiyaga kelganida, o‘n bir yoshda edi. Yodingizda bo‘lsa, siz menga bir kuni uni juda g‘amgin, chuqur o‘yga tolgan holda qo‘lida kitob bilan ko‘rganingizni aytgandingiz. Undan nima bo‘lganini so‘rasangiz: «Dada, bir yarim milliard yildan keyin Quyosh so‘nib, Yerdagi hayot yo‘q bo‘lib ketarkan. Shunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?” deb javob bergan. Albatta, bolaning o‘ylari sodda, ammo bu olamdagi fikrlaydigan mavjudotning hayratomuz kuch-qudratidan dalolatdir!
Ch.Aytmatov: – Bu kichik voqeani eslaganingizdan nihoyatda ta’sirlandim. Haqiqatdan ham, bunday savollarni zamonaviy bolalargina berishi mumkin va aminmanki, avval bunaqasi bo‘lmagan, bo‘lolmasdi ham.
Xo‘sh, bu XX asr bolalari, deylik, ming yil avval yashagan tengdoshlaridan ko‘ra aqlli, deganimi? Gap bunda emas va «aql» haqida ham emas. Bolalikning mangu sodda-donishmand qalbiga zamonning fojialari kirib bordi va bu bilan biz fikrlovchi kattalar bilamizki, yerdagi hayot yo‘q bo‘lib ketishi mumkin!
Ikeda: – Qo‘shimcha qilmoqchiman. Tan olish juda achinarli, ammo insoniyat qadim zamonlardan buyon "issiq" yoki "sovuq" urush sharoitida yashagan, bu pinhoniy xavfsirash, ishonchsizlik va ayniqsa, bir-birini dushman deb biladigan qo‘shni xalqlarning ochiq adovati bilan namoyon bo‘ladi. Buning zaharli ildizi – mavjudlikning yagona maqsadini anglab yetmaslikda, hamma va har qanday turdagi milliy, diniy, sinfiy yo‘l-yo‘riqlardan baland ilohiy haqiqatga erishish uchun butun kuchni birlashtirish talab qilinadi. «Urush»ga tortuvchi kuch – insonning tabiati ekaniga uncha ishonmayman. Ammo dunyoni bilish, hayotni sevish – bolalikda o‘zlashtiriladigan eng yaxshi fan.
Ch.Aytmatov: – Kechirasiz, xuddi urush fani kabi.
Ikeda: – Ha, albatta. Bu yerda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aks holda, bizning farzandlarimiz, ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida hech ikkilanmay foydalanuvchi, birinchi navbatda, shubhasiz, vatanparvarlik, ozodlik, qahramonlik kabi yolg‘on g‘oyalarni ongiga singdirib, tarbiyalab, ilhomlantiruvchi siyosatdonlar ixtiyoriga tushib qolishadi. Bularning barchasi, afsuski, bolalar adabiyotining yordamisiz bo‘lmaydi.
Ch.Aytmatov: – Kitob tashviqot vositasi sifatida xavfli narsa. Bundan tashqari, ushbu turdagi, ya’ni, inqilobiy-vatanparvarlik mavzusidagi adabiyot ijodkorlari orasida hech bir shubhasiz, iste’dodsizligi yaqqol ko‘rinib turganlar bo‘lgan. Ammo ulardan ijodiy qobiliyati eng balandi ham muqarrar mantiq va mafkuraga ixtiyoriy qaram bo‘lgan. Ularning yozganlari mafkuraga bo‘lgan samimiy ishonch bilan to‘la edi va tan olish kerakki, ushbu mualliflar ko‘zlangan maqsadga erishdilar. Aytaylik, yosh avlodni ruhan urushga tayyorlash. U tugaganidan so‘ng, ko‘p yillar o‘tib, men militaristik g‘oya bizning yarim bola ongimizga qanday kuch bilan singdirilganini anglay boshladim. Urushda jonini qurbon qilish, eng yuksak vatanparvarlik jasorati sifatida «badiiy» asarlarda saqlanadi.
Siz va men tengdoshmiz, urush yillarida Yaponiyada yoshlar kitoblaridan qanday foydalanishganini eslasangiz kerak. Axir, sizning mamlakatingizda ham «jasorat»ni qahramonlashtirish, tasavvur qilishimcha, «ko‘z ilg‘amas» yuksaklikka ko‘tarildi.
Ba’zan tasavvur qilaman, agar jang maydonida «Ur-ra!» degan qichqiriqlar bilan jon bergan askarlar tirilib kelsayu, ulardan: «Siz yana jangga otlanishga tayyormisiz?» deb so‘ralsa, ishonamanki, ikkala tomonda ham bunday «qahramon» topilmasa kerak. Inson ongli hayotining faqat ibtidosidagina tavakkal jasorat ko‘rsatishga tayyor turishi mumkin. Shuning uchun ham mafkura inson qalbini imkon qadar ertaroq, hatto bolaligidan zabt etishga shoshiladi. Totalitar turmushda biz buni ko‘rganmiz.
Bu mafkuraviy tuzum so‘ngi yillarga qadar harbiy mavzuni baholashda o‘zgarmadi. O‘z ijod yo‘limda men ham bunga duch keldim. «Yuzma-yuz» nomli birinchi qissamni oradan o‘ttiz yil o‘tib qayta ishladim, qochqoq yigit va oilasining taqdiri haqida ularning xatti-harakatlarini ruhiy tahlil qilish nuqtai nazaridan yangi bob qo‘shdim, mafkuraviy sabablarga ko‘ra avvalroq buni amalga oshirishning imkoni yo‘q edi.
Ikeda: – Men sizning ijodingiz to‘g‘risida alohida yozmoqchiman. Yapon tiliga «Saida qayg‘usi» deb tarjima qilingan «Yuzma-yuz»nomli qissangizga kelsak, men minglab tinglovchilar oldidagi chiqishlarimdan birida uning mazmuni haqida batafsil gapirganman. Hikoya iliq kutib olindi. Rostini aytsam, men juda xursand bo‘lish bilan birga, ancha oldingi davrda, uzoq mamlakatda bir ayolning boshdan kechirganlari, o‘z tarixida birinchi marta uzoq vaqt farovonlik va tinchlik sharoitida yashayotgan zamonaviy Yaponiyada shu qadar kuchli hamdardlik tug‘dirishi mumkinligidan hayron bo‘ldim.
Boshqa barcha asarlaringiz, jumladan, yaqinda Yaponiyada nashr etilgan «Momo yer» va ma’lum ma’noda «Chingizxonning oq buluti» haqida ham shunday deyish mumkin. 1990 yilning yozida Yaponiyadagi uchrashuvimizda biz siz bilan «onalik qudrati»ning «hokimiyat qudrati»ga zidligi muammosi haqida gaplashgan edik. Sizning qahramonlaringiz onalar va ayollar hech qachon shior ko‘tarib chiqmaydi, urushga biror-bir g‘oyaviy pozitsiyadan norozilik bildirmaydi va aynan shuning uchun ham, urushni umumbashariy yovuzlik, odamzodga yog‘ilgan iblisona qarg‘ish deb bilgan bu ayollar qalbidagi faryodlar, qotillikni bo‘yab-bejab ko‘rsatishga urinayotgan soxta so‘zlar niqobini yirtishga qodir. Shuning uchun ham ularda urushning haqiqiy sovuq qiyofasi dahshatini ko‘rsatib beruvchi kuch mavjud.
Bunday ayollarning ko‘zlari – hayotning ko‘zlari, voqelikning ko‘zlari. Insonning ko‘zlari.
Ch.Aytmatov: – Bolalar va yoshlar adabiyoti mavzusiga qaytsak, so‘zlaringizdan xulosaga kelish mumkinki, tabiati va mohiyatiga ko‘ra bunday adabiyot hayot mazmuni onaning his-tuyg‘ulariga ko‘ra jonli idrok ettiradi va tushuntiradi.
U farzandiga, insonga, dunyoga muhabbat, ishonch nigohi bilan qaraydi va o‘zida «axloq quyoshi»ni aks ettiradi, uning yorqinligi siz haqsiz, ashaddiy g‘oyaparastlar uchun g‘ashga tegadigan va o‘ta xavfli bo‘lib ko‘rinishi mumkin, chunki bu yosh qalbda hayotga minnatdorlik hissini uyg‘otadiki, uning gullashi, meva berishi oldida, eng zamonaviy targ‘ibot ham o‘zining antibiologik mohiyatini yo‘qotadi.
Targ‘ibot o‘z yo‘nalishiga adabiyotni ham qurol qilib olib, odam tabiatiga qarshi kurashadi va shu bilan «insoniy matoh»dan yangi insoniyatni yaratishdek vahshiyona g‘oyani (tarafdorlar uni insonparvarlikning yuqori bosqichi, «yaxshi niyat» deb ataydilar) ilgari suradi.
Bu odamlar hech o‘zlaridan so‘rab ko‘rganmikan: hatto aqldan ozgan taqdirda ham bunday rolni tanlash uchun kishi o‘zini kim deb hisoblashi kerak? Tarixni yaratuvchimi?
Ikeda: – Aytmoqchisizki, bu g‘oya...
Ch.Aytmatov: – Ha, olam yaralishidan bo‘lgan. U bizgacha ham bor edi. Bunaqasi o‘ylab topilmaydi. Shuni bila turib, biz «ilg‘or ta’limot» deb e’lon qilingan va harakat uchun qo‘llanma bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy nazariyaning ma’lum bir afzalligiga (abadiylik nuqtai nazaridan) ega bo‘lgan shaxsning qayta qurish, hayotni o‘zgartirish borasidagi haddan tashqari ishonuvchan vasvasasiga mavjud barcha kuchlar bilan qarshi turishimiz kerak. Bu yerda barcha shubhalar bir tomonlama. «Kim biz bilan bo‘lmasa, u bizga qarshi». Mana sizga tayyor dushman.
Ikeda: – Kommunistik shiorlarni nazarda tutyapsizmi?
Ch.Aytmatov: – Gap faqat bunda emas, albatta. Shior – harakat, o‘sha targ‘ibotning formulasi. Men so‘nggi bosqichda, qayerdan kelib chiqishidan qat’i nazar, haqman, deb da’vo qiluvchi har qanday uzil-kesil tasdiqlanishlarga shubha bilan qarayman. Ularda biz bilmaydigan nimadir hisobga olinmaydi.
Ikeda: – Ammo, ehtimol bilgandirmiz, endi esa unutganmiz. Qadimgi odamlar uchun falsafaning bir qismi – yaxshilik va yomonlikni farqlash bo‘lgan. Ishonchim komilki, bu tushunchalar ular uchun chalg‘ituvchi va mavhum tuyulmagan. Zamonaviylikning asosiy muammosi, menimcha, insoniyatning tarixiy yo‘lini yorituvchi ideallarning tirik mazmuniga qaytish bilan bog‘liq va bolalikka qaytish kerakka o‘xshaydi.
Ch.Aytmatov: – O‘z bolaligingizga hammi?
Ikeda: – Ha. Unda qanchalik og‘ir bo‘lmasin, (hatto ba’zan ishonish qiyin, qanday umr kechirganimiz, bu – butun insoniyat tarixi) agar o‘zimizga ruhiy tajriba orqali qarasak, biz bolalikni saqlab qololdik, deb o‘ylayman.
Oilada sakkiz farzand edik. Men beshinchisiman. Biz uyda nori tayyorlash bilan shug‘ullanardik. Hali bola paytimda otam betob bo‘lib qoldi va oilamizning moddiy ahvoli og‘irlashdi. Shunday sharoitda bizni tarbiyalash onamga qanchalik qiyin bo‘lganini tasavvur qilib ko‘ring.
Ammo onam, yo‘qchilikka qaramay, ruhan taslim bo‘lmadi va hatto: «Faqirlikda biz sumo bo‘yicha haqiqiy chempionmiz», deb hazillashardi. Ona timsoli biz bolalar uchun naqadar ruhlantiruvchi kuch bo‘lganini hech qachon unutolmayman!
Yaponiyada onalik tuyg‘usining nechog‘lik go‘zalligini tarannum etuvchi shunday matal bor: «Qirg‘iy jazirama kunga, turna qorong‘i tunga». Uning ma’nosi quyidagicha: polaponining hayotini saqlab qolish uchun qirg‘iy jazirama dashtda o‘zini qurbon qiladi, turna esa qanoti ostida isitib, tungi sovuqdan asraydi.
Yana bir hikoya eshitganman, Armanistonda kuchli zilziladan vayron bo‘lib, ko‘milib qolgan uyda qizchasi bilan qolib ketgan ona haqida. Oldinda nimalar kutayotganini o‘ylarkan, ona avvaliga qaror qiladi: o‘lish yaxshiroq! Ammo qizi ovqat talab qila boshlagach, yuragi buyruq beradi: u tirik qolishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilishi kerak! Ona barmog‘ini kesib, chaqaloqni o‘z qoni bilan oziqlantiradi. Oradan sakkiz kun o‘tib ularni topishadi va vayronadan chiqarib olishadi.
Bu hayratomuz hayot dalilini san’atda qayta tatbiq-tortiq etish mumkinmi? O‘sha ayol boshdan kechirgan aql bovar qilmas holatlarni adabiyot vositasida tasvirlashga urinish kufr emasmi? U qanday chidadi, nima uchun aqldan ozmadi?.. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmasa kerak.
Ch.Aytmatov: – Ha, shubhasiz. Siz, menimcha, eng og‘riqli nuqtadan – san’atning fojiaviy tabiati jiddiy sinov ekanligidan gap ochdingiz. Hammasi san’atkorning izmidami, deylik, unga hamma narsa uchun ruxsat berilganmi? Agar bu savol yozuvchining ham oldida har lahza ko‘ndalang turmasa, o‘shanda u nima bilan mashg‘ulligini bilgimiz keladi. Gap shakliy mahorat haqida emas, tashqi uslub haqida ham emas, menimcha, uning yordamida hamma narsani ta’riflash mumkin. Ammo... ta’riflash... Nega unda gazetadagi ma’lumotlar o‘quvchini ko‘proq hayratga soladi?
Boshqa tomondan, biz odamlar onalarning mislsiz mashaqqat va dardlariga loqayd qarashga haqqimiz yo‘q, chunki ularda – dahshatli vasvasadan larzaga tushgan, aqlbovar qilmas fojialar ta’qibida qolgan butun dunyoning iztirobi mujassam. Shunday bo‘lishi tabiiy holmi? Afsuski, bu ishlarning hammasida o‘z qo‘limiz bor.
Ikeda: – Siz aytayotgan gaplarga insoniyatning ruhiy quvvati dosh bera oladimi? Dunyo barbod – odamlar barbod. Unga dosh berish uchun kim bo‘lish kerak? Ertak qahramonimi?
Ch.Aytmatov: – O‘ylashimcha, taqdir bizga hozirlagan shafqatsiz sinovlarga dosh berish uchun biz ularga tayyor bo‘lishimiz – o‘zimizda epik dunyoqarashni tarbiyalashimiz kerak, shunda qahramonona fe’l-atvor tabiiy hayot tarziga aylanadi va shundagina adabiyot zamonaviy qahramonning maxsus jasoratini emas, shunchaki, muhabbat, qo‘shnichilik va mardlik qonunlariga muvofiq hayot kechiruvchi tabiatini hech bir zo‘riqishlarsiz ifoda etadi.
Ikeda: – Boz ustiga, u istiqbolga – «axloq quyoshi»ni ko‘rib qo‘rqmaydigan va ko‘r bo‘lib qolmaydigan bolalikka murojaat qilsa.
Ch.Aytmatov: – Siz bilan suhbatlashganda idealist bo‘lmaslikning iloji yo‘q.
Ikeda: – Umid qilamanki, hazillashayapsiz va meni xomxayol idealizmda ayblamayapsiz...
Ch.Aytmatov: – Aslo. Agar biz butun jahon bolalar va o‘smirlar adabiyoti Kutubxonasini orzu qilsak, menimcha, uning asosiy g‘oyasi – bir oilada birlashishga intilayotgan kattalar va bolalar dunyosining ruhiy uyg‘onishi ekanligini siz belgilab berdingiz.
(DAVOMI BOR)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi