Chernobilda xavotirli yong‘in…
Chernobil atom elektr stansiyasi atrofidagi yopiq hududda yirik o‘rmon yong‘ini yuz berdi. Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in dron qulashi ortidan boshlangan va hozirgacha ming gektardan ortiq maydonni qamrab olgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati qutqaruvchilari olov tarqalishining oldini olish chorasini ko‘ryapti. Kuchli shamol va qurg‘oqchilik vaziyatni og‘irlashtirmoqda. Ayrim hududlarda mina xavfi ehtimoli mavjudligi o‘t o‘chirish jarayonini qisman cheklab qo‘ygan.
Ukraina tomoni radiatsiya darajasi hozircha “me’yor doirasida” ekanini bildirgan. Shunga qaramay, Chernobil hududidagi har qanday yong‘in xalqaro xavotir uyg‘otadi, chunki 1986-yilgi yadroviy fojiadan keyin bu hudud yuqori radiatsiya sabab deyarli tashlab qo‘yilgan.
Kiyev avval ham Moskvani yadroviy ob’ektlar xavfsizligiga tahdid solishda ayblagan edi. O‘tgan yil Rossiya droni Chernobil reaktorini qoplab turgan himoya qurilmalaridan biriga zarar yetkazgani aytilgan. Mutaxassislar yong‘in uzoq davom etsa, havodagi radiatsiya darajasida o‘zgarish kuzatilishi mumkinligidan xavotir olyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA