Chempionlarni tayyorlayotgan kollej
bugungi kunda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yosh iqtidor egalarini turli xalqaro musobaqalarga tayyorlash va ularning muntazam ishtirokini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahsinga loyiq.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “Sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega.
Sport-ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning raqamlashtirilgan yangi tizimini joriy qilish, kuchli olimpiya zaxirasini yaratish orqali sportchilarning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham ishlar boshlab yuborilgan.
bugungi kunda Navoiy olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejida 65 nafar malakali va tajribali murabbiy 549 nafar 21 ta sport turidan saboq berib kelmoqda. Sport turlarining 19 tasi olimpiya va 2 tasi milliy sport turlari hisoblanadi. Joriy o‘quv yilini esa 100 nafar o‘quvchi tamomladi.
Hozirda kollej tarbiyalanuvchilari yurtimiz va xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan musobaqalarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yili davomida O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida 357 ta medal qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularning 102 tasi oltin, 115 tasi kumush va 140 tasi bronzadir. Shuningdek, Osiyo chempionati va kubogi musobaqalarida 4 ta kumush va 4 ta bronza, Jahon chempionati va kubogi musobaqalarida esa 7 kumush va 3 ta bronza medaliga egalik qilgan.
– Birgina 2022 yilda kollejning 200 nafarga yaqin sportchi-o‘quvchilari mamlakat terma jamoalariga jalb etildi, – deydi kollejning sport ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Aziz Shomurodov. – Og‘ir atletika bo‘yicha Meksikaning Lion shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida iqtidorli qizlardan Nigora Suvonova –76 kg vazn toifasida oltin medal uchun murosasiz raqobat olib bordi. Yakunda hamyurtimiz faqatgina misrlik raqibasiga imkoniyatni boy berib, barcha yo‘nalishlarda kumush medallari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) va yoshlar (U 23) o‘rtasidagi o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kollejimiz o‘quvchilari Sevinch Sultonova 65 kg hamda Gulasal Abdunazarova 40 kg vazn vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
“Sport ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida davlat buyurtmasi asosida unvonli va razryadli sportchilar sport turlari reyestriga kiritilgan, yagona sport tasnifi mavjud bo‘lgan sport turlari bo‘yicha tayyorlanishiga alohida e’tibor qaratilgan.
– Ushbu qaror ijrosini ta’minlash va kelgusi yillarda natijadorlikni yanada oshirish maqsadida istiqbolli rejalarni tuzib olganmiz, – deydi A.Shomurodov. – Hozirda o‘quvchilarimizning 230 nafari 1-tasnif, 314 nafari sport ustaligiga nomzod, 4 nafari sport ustasi va 2 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi tasnifini bajargan.
Gulasal Abdunazarova asli Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida tug‘ilgan. “Budoy” mahallasida istiqomat qiladi. 4 yildan buyon murabbiyi Nodir Komilov qo‘l ostida ayollar kurashi bilan shug‘ullanadi. Gulasal joriy yilning 19-26 iyun kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida erkin, yunon-rum va va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar (U 17) hamda yoshlar (U 23) o‘rtasidagi o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. U yakunda chempionatning bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 40 kg vazn toifasidagi vakilamiz bronza medali uchun kechgan bellashuvda qozog‘istonlik Alua Tyulendinovani so‘nggi qo‘lga kiritilgan ball evaziga mag‘lub etdi.
– Ushbu musobaqa shu kunga qadar o‘tkazgan musobaqalarim ichida eng esda qolarlisi bo‘ldi, desam yanglishmayman, – deydi Gulasal. – Chunki hisob 4:4 hisobida yakunlandi. Faqatgina so‘nggi ballni men qo‘lga kiritganligim bois g‘oliblik menga berildi. Endi Italiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga tayyorlanyapmiz. Albatta, murabbiyim bilan 2024 yilda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga harakat qilaman.
Sevinch Sultonova bu yil kollejning 10-sinfini tamomladi. U ham iqtidorli sportchilardan. Zarafshon shahrida tavallud topgan yosh iqtidor egasi shu kunga qadar bir necha bor ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. U ham Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sovrindorlar qatorida e’tirof etilib, Italiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 65 kg vaznda kurash olib borgan sportchimiz uchinchi o‘rin uchun yaponiyalik raqibasiga qarshi kechgan murosasiz bellashuvda 0-7 hisobida yutqaza turib, yakunda irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
– To‘g‘risi hisob 7:0 bo‘lib turganida g‘alaba qozonaman, deb o‘ylamagandim, – deydi S.Sultonova. – Ammo ikkinchi bo‘limda murabbiyimning qo‘llab-quvvatlashi, bergan ko‘rsatmalari g‘alaba qozonishimga sabab bo‘ldi. Finalga qadar Qozog‘iston, Mongoliya, Hindiston, Janubiy Koreya davlatlari sportchilari bilan kurash olib bordim. Barcha raqiblarim kuchli va iqtidorli edi. Oxirgi uchrashuvda 0:7 hisobini 8:7 ga o‘zgartirib, Osiyo chempionati sovrindoriga aylandim. Bugundan boshlab murabbiyim To‘ymurod Adizov bilan jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlab yubordik.
To‘rt yillikning eng muhim musobaqalaridan biri olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish har bir sportchining orzusi. Unda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun sportchilar bor imkoniyatlarini ishga solmoqda. Buning uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratib berilgan. Sportchilardan tinimsiz harakat talab etiladi, xolos.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA