Chegarachilar qasamyod qildi
Xonobod shahrida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlari tasarrufidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tashni boshlagan askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston madhiyasi yangradi, so‘ngra keng maydon uzra saf tortgan harbiy askarlar tantanali ravishda Vatanga qasamyod qabul qildi.
Tadbirda, harbiy qism serjant va ofitserlari, xizmatni o‘tashni boshlagan askarlar, ularning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-28856]
Harbiy qism komandiri, podpolkovnik Jasur Sanaqulov, Xonobod shahar hokimining o‘rinbosari Foziljon Qo‘ldoshev, chegara qo‘shinlari faxriysi, iste’fodagi podpolkovnik Xurshidbek Ibodullayev va boshqalar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida, xususan, chegara qo‘shinlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori samaralar berayotganligi, milliy armiyamiz salohiyati yildan-yilga yuksalib borayotganligi, harbiylarning xizmatni yuqori saviyada o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligini alohida ta’kidladi.
– Harbiy qismda farzandlarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik, – deydi Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidan xizmat burchini o‘tash uchun kelgan, oddiy askar Davlatbek Boymatovning buvasi, mehnat faxriysi Fayzullo Xomidov. – Ochig‘i, bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Xizmatni a’lo darajada o‘tash uchun barcha qulayliklar va imkoniyatlar yaratilgan. Ishonamanki, farzandlarimiz ana shu imkoniyat-lardan oqilona foydalanib, yurt himoyasi yo‘lida munosib xizmat qiladi.
Qasamyod qabul qilgan askarlarning qaysi biri bilan suhbatlashmaylik, ularning barchasi yurtimiz himoyasini ta’minlashga munosib hissa qo‘shish, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash har bir yigitning sharafli burchi ekanligini qat’iy ishonch bilan ta’kidladi.
– Harbiy qasamyod xizmatni a’lo darajada o‘tashim uchun menga g‘ayrat, shijoat, ulkan ma’naviy kuch beradi, – deydi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Samirbek Normurodov. – Ushbu tadbir bir umr yodimdan chiqmaydi, qolaversa, yigitlik burchimni yuqori darajada ado etish, harbiy qasamyodga sodiq, yurtimga munosib farzand bo‘lish, ota-onam, oilam bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytish men uchun yuksak sharafdir.
Shuningdek, tadbirda harbiy xizmatni o‘tayotgan bir guruh zobit, serjant va askarlar davlat chegaralari daxlsizligini himoya qilishdagi namunali xizmati uchun “DXX Chegara qo‘shinlar a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda qism qo‘mondonligining faxriy yorliq va tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilarning qurol-aslahalardan foydalanish, jismoniy tayyorgarlik borasidagi ko‘rgazmali chiqishlari, harbiy orkestr sadolari ostidagi parad barchaga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA.