Chavandozlarimiz Al Ayn turnirida muvaffaqiyatli qatnashmoqda
BAAning Al Ayn shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha CSI2* tasnifidagi xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Turnirning 140 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash dasturida “Santos Hippica” laqabli tulpori bilan ishtirok etgan hamyurtimiz Bekzod Qurbonov yo‘nalishni xatosiz 57.13 soniyada bosib o‘tdi va birinchi pog‘onadan joy oldi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda ikkinchi oti «Matts V.G» bilan oltinchi pog‘onadan o‘rin egalladi.

Musobaqada O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev va chavandozimiz Abdurahmon Abdullayev ishtirok etmoqda.
Bahromjon «Lady» laqabli oti bilan 130 santimetr balandlikda ot sakratishda marraga 70.16 soniyada yetib kelgan bo‘lsa, Abdurahmon “Chicarito” laqabli tulporida bu masofaga 74.05 soniyada yetib keldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA