“Chaqirilmagan mehmon” ning qing‘ir ishi...
Qirg‘iziston Respublikasining Qizilqiya shahrida yashovchi 35 yoshli G. Marguch Quvasoy shahridagi qarindoshlarini yo‘qlab kelib, bir muddat yurtimizda umrguzaronlik qildi. Aniq ishi yo‘qligi uchun oradan hech qancha vaqt o‘tmay, cho‘ntagi “hushtak” chala boshladi. Qiyinchilikdan qutilish uchun Farg‘ona shahri bo‘ylab “ov”ga chiqdi.
Farg‘ona shahri markazida joylashgan “Artel” savdo majmuasi atrofidagi avtoturargohda aylanib yurar ekan, shinam avtomashinalardan biri “Lacetti” e’tiborini tortdi. Universal pult yordamida mashina eshigini ochdi va oldi o‘rindiqda qoldirilgan 1 million so‘mlik “RedMi-5” telefonni o‘g‘irladi. Telefonni notanish xaridorga 350 ming so‘mga pulladi va pulni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatdi. Dastlabki “ishi” baroridan kelgani uchun quvongan “chaqirilmagan mehmon” yana pul, oson o‘lja ilinjida viloyat markazida paydo bo‘ldi.
Kashtanzor ko‘chasida turnaqator mashinalar orasida “Nexia-3” ning oldi o‘rindig‘ida unutib qoldirilgan “HP” rusumli yangi noutbuk uning tinchini buzdi. Yon-atrofda hamma o‘z yumushi bilan andarmon ekanini ko‘rgach, universal pult yordamida mashinani ochdi va noutbukni olib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. O‘sha kunning o‘zida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi tanishi orqali salkam 7 million so‘m turuvchi noutbukni 2,5 million so‘mga sotib yubordi. Har ikki holat bo‘yicha ham jabrlanuvchilarning ichki ishlar idoralariga murojaati asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida yetarli daliliy ashyolar yig‘ilib, guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari asosida jinoyatchi qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining hukmiga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar jabrlanuvchilarga yetkazilib, moddiy zarar to‘liq qoplanganligi inobatga olingan holda G. Marguch ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA