Byudjetdan qarzdorlik holatlari mavjud
Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, bir shaxs bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq korxonaga rahbarlik qilishi qonunchilikda taqiqlanmagan. Shu bilan birga, har bir rahbar boshqaruvidagi korxonalarning soliq majburiyatlari o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashi lozim.
bugungi kunda 47 ming 784 ta soliq to‘lovchi rahbar bir vaqtning o‘zida 113 ming 855 ta sub’ektga rasman rahbarlik qilib kelmoqda.
Ular orasida shunday shaxslar borki, turli korxonalarning rahbari bo‘lib ishlagani holda o‘z boshqaruvidagi korxonalarning soliq majburiyatlari o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlamagan.
Xususan, fuqaro S. N. rahbar bo‘lgan 67 ta korxonaning byudjetga to‘lanmagan 33,1 mln so‘m soliq qarzi (bitta korxonada o‘rtacha 495 ming so‘m) mavjud.
bugungi kunda bir shaxs bir vaqtning o‘zida bittadan ortiq korxonaga rahbarlik qilayotgan korxonalarning byudjet oldidagi qarzdorligi jami qarzdorlikka nisbatan 34 foizni tashkil etmoqda.
Shuningdek, 1 302 ta shaxs rahbarlik qilayotgan 5 066 ta subekt soliq hisobotini kechikib topshirganligi sababli ular tomonidan byudjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar o‘z vaqtida hisoblanmasligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘yilganda QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tish uchun taqdim etilgan arizani rad etish yoki QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatish choralari ishlab chiqilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA